Qurbon hayiti munosabati bilan mahalliy aviakompaniyalar Toshkentdan O‘zbekiston viloyatlariga qo‘shimcha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

25-maydan 31-maygacha Uzbekistan Airways, uning “sho‘ba korxonasi” Silk Avia va xususiy Centrum Air aviakompaniyalari Toshkent-Buxoro, Termiz, Urganch, Nukus va ortga qaytuvchi yo‘nalishlar bo‘yicha jami 28 ta qo‘shimcha reyslarni amalga oshiradi:

  • Toshkent-Buxoro-Toshkent — 7 ta aviaqatnov;
  • Toshkent-Urganch-Toshkent — 10 ta aviaqatnov;
  • Toshkent-Nukus-Toshkent — 4 ta aviaqatnov;
  • Toshkent-Termiz-Toshkent — 7 ta aviaqatnov.

Qo‘shimcha reyslarni tashkil etish hisobiga yana 8988 nafar yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazib berish ta’minlanadi.

Amaldagi parvozlar jadvaliga muvofiq haftasiga Toshkent-Buxoro yo‘nalishida 23 ta, Toshkent-Termiz yo‘nalishida 23 ta, Toshkent-Urganch yo‘nalishida 35 ta, Toshkent-Nukus yo‘nalishida 16 ta, jami 97 ta qatnovlar bajarilmoqda.

Prezidentning Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, 2026-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may — chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi belgilandi.

Tegishli farmoniga muvofiq ish haftasining turidan qat‘i nazar barcha xodimlar uchun 28-may — payshanba, 29-may — juma kunlari qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilanadi.

Shuningdek, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30-may — shanba kuni ham dam olish hisoblanadi.


Avvalroq Spot yangi metro liniyasi Mingo‘rik bekatidan “Ippodrom"gacha 12 km masofaga cho‘zilishi haqida yozgandi.