Raqobat qo‘mitasi Centrum Air hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyatida ortiqcha chiptalar sotilishi va iste’molchilar huquqlarini ta’minlash holati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga (O‘zaviatsiya) so‘rov yubordi.
So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasiga bevosita kelib tushayotgan murojaatlarda va ijtimoiy tarmoqlar orqali Centrum Air hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyati yuzasidan ko‘plab e’tirozlar bildirilayotgani qayd etildi.
Raqobat qo‘mitasiga avia qatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025-yilda 127 tani, 2026-yilning o‘tgan to‘rt oyida esa 145 ta (14%) ni tashkil etib, ularning soni ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Qo‘mita tomonidan murojaatlar asosida olib borilgan o‘rganishlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oralig‘iga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan.
Ushbu murojaatlarda asosan quyidagi e’tirozlar bildirilmoqda:
- xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchiga o‘zi ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etilmasligi;
- rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berishni rad etilishi;
- parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yo‘lovchilarni aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablag‘i hamda rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani;
- aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensatsiya yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.
O‘rganishlarda mazkur aviakompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun, shuningdek, “Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish” qoidalari, “Havo kodeksi” va “Fuqarolik kodeksi” to‘g‘risidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, yo‘lovchiga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi tomonidan parvozgacha kutish davrida yoki transportning boshqa turi orqali tashishgacha bo‘lgan vaqtda oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.
Tashuvchi qoidalarida belgilangan muddat kutish vaqtidan ko‘ra ko‘proq bo‘lsa mehmonxona bilan ta’minlash hamda kutish vaqtida transport orqali aeroportdan vaqtinchalik yashash joyigacha eltib qo‘yish va qaytish ta’minlash bajarilmagan.
Shuningdek, yo‘lovchilar soni belgilangan miqdordan oshgan taqdirda qolgan yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmasligi mumkinligi, kompensatsiya berish hamda keyingi qatnovga joyni band qilishi va tashuv chipta rasmiylashtirish jarayonida bu haqda yo‘lovchilar ogohlantirilmagan.
Shu bilan birga, chiptada nazarda tutilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash kabi xizmatlar yetarli darajada bajarilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarning qonun bilan himoyalangan huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Centrum Air va Qanot Sharq faoliyati yuzasidan to‘plangan ma’lumotlarni ko‘rib chiqishni so‘radi.
Shu munosabat bilan agentlikka parvozlar kechikishi, samolyotlarning texnik nosozligi va xizmatlar sifati bo‘yicha zarur choralarni belgilash yuzasidan so‘rov yuborildi.
Raqobat qo‘mitasi 2025−2026-yillarda aviakompaniyalar reyslari kechikishi, sabablari va kompensatsiyalar yuzasidan o‘rganish olib borayotgani va yakunlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, aholidan aviatashish xizmatlarida huquqlari buzilishi holatiga duch kelganda Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch raqami 1159 ga murojaat qilish so‘ralmoqda.