Raqobat qo‘mitasi Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan bekor qilingan reyslar uchun chipta pullari qaytarilmagani yuzasidan xorijlik fuqarolarning murojaatini o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki nafar yo‘lovchi Boku-Toshkent-Bangkok hamda Bangkok-Toshkent-Boku yo‘nalishlari bo‘yicha aviachiptalar xarid qilgan. Biroq aviakompaniya 13-iyul kuni Toshkent-Bangkok, 20-iyulda esa Bangkok-Toshkent reyslarini bekor qilgan.
Shundan so‘ng yo‘lovchilar yangi aviachiptalar xarid qilib, safarlarini davom ettirgan.
Aeroportda ularga chipta qiymatini 100% qaytarish huquqini tasdiqlovchi rasmiy dalolatnoma berilganiga qaramay, mablag‘lar belgilangan muddatda qaytarilmagan.
Qo‘mita o‘rganishlari natijasida foydalanilmagan aviachiptalar uchun to‘langan 9,7 mln so‘mdan ortiq ($808,62) mablag‘ Centrum Air tomonidan yo‘lovchilarga to‘liq qaytarildi.
Bundan tashqari, yuzaga kelgan noqulayliklarni hisobga olib, aviakompaniya har ikki yo‘lovchiga istalgan muntazam yo‘nalish bo‘yicha bir martalik bepul parvoz sertifikatini taqdim etishga qaror qildi.
Joriy yilning may oyida Centrum Air Raqobat qo‘mitasi so‘rovidan so‘ng reyslar kechikishi va chipta holatlariga izoh bergandi. Kompaniya samolyot sig‘imidan ortiqcha chipta sotmasligini, yaqinda yuz bergan hodisani esa fors-major holati tufayli havo kemasi almashtirilgani bilan izohladi.
Spot, avvalroq, daromadi $1 mlrd bo‘lgan Centrum Holding 2027-yilda Londonda IPO o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.