Yirik xususiy logistika guruhi — Centrum Holding yaqin bir-ikki yil ichida ommaviy bozorga chiqishga hozirlik ko‘rmoqda. Kompaniya aksiyalarni joylashtirish uchun asosiy maydon sifatida London fond birjasini (LSE) ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniya asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov Bloomberg nashriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

“Yaqin bir-ikki yil ichida IPO‘ga tayyor bo‘lishga intilyapmiz. Biz bunga, avvalo, biznesimizni kengaytirishga yordam beradigan investorlarni jalb qilish imkoniyati sifatida qaraymiz”, — dedi Abdulaziz Abdurahmonov.

Centrum Holding 2019-yilda yuk aviatashuvlari operatori sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda guruh yuk va yo‘lovchi aviakompaniyalari, sayyohlik biznesi, logistika markazlari, temiryo‘l parki, terminallar hamda port infratuzilmasini birlashtiradi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, xolding daromadi $1 mlrdga, xodimlari soni esa qariyb 5 ming kishiga yetdi.

Kompaniya ma‘lumotlariga ko‘ra, guruh daromadining 63%i logistika biznesi (havo va quruqlikdagi yuk tashuvlari), yana 30%i yo‘lovchi aviatashuvlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 7% ni biznesning boshqa yo‘nalishlari tashkil etadi.

abdulaziz abdurahmonov, centrum air, centrum holding, ipo

Kompaniya O‘zbekiston avia yuk tashuvlari bozorining 40% dan ortig‘ini va yo‘lovchi aviatashuvlarining qariyb 30% ini nazorat qiladi. Yaqin bir yil ichida Centrum yo‘lovchi tashish bozoridagi o‘z ulushini 50% ga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri Xitoy va Yevropani Markaziy Osiyo hamda Kavkaz orqali bog‘laydigan O‘rta yo‘lak bo‘ylab zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish bo‘ladi. Abdulaziz Abdurahmonovning o‘zi bu strategiyani “zamonaviy Ipak yo‘lini qurish” deb ataydi. Dastur doirasida kompaniya multimodal terminallar tarmog‘ini kengaytirish, temiryo‘l platformalari va avtosisternalar parkini ko‘paytirish, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali parom yuk tashuvlarini rivojlantirish niyatida.

Bugungi kunda guruh 16 ta Airbus yo‘lovchi samolyoti, 10 ta Boeing yuk samolyoti, 10 mingdan ortiq konteyner, 100 dan ziyod yuk avtomobili va 300 ta temiryo‘l platformasidan iborat parkka ega.

abdulaziz abdurahmonov, centrum air, centrum holding, ipo

2026−2027-yillarda guruhning investitsiyalari hajmi $100 mlndan oshadi. Bu summaning yarmidan ko‘pini xalqaro moliya institutlari va soha hamkorlari tomonidan moliyalashtirish hisobiga jalb etish rejalashtirilgan.

Hozirda guruh O‘zbekistondagi eng yirik, 46 gektarlik “quruqlik porti"ni boshqaradi va bo‘lajak Toshkent xalqaro aeroporti yaqinida 83 gektar maydonda yangi logistika majmuasini qurmoqda. Kompaniya allaqachon O‘zbekistondagi konteynerli temiryo‘l platformalarining eng yirik operatori hisoblanadi va sisternalar parkini 3 ming donaga yetkazib, bu segmentda ham eng yirik ishtirokchiga aylanishni maqsad qilgan.

Shuningdek, xolding Centrum Air xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirmoqda. Aviakompaniya Markaziy Osiyo ichidagi parvozlardan tashqari, Hindiston, Pokiston, Saudiya Arabistoniga yangi yo‘nalishlar ochmoqda hamda Yevropaga parvozlarni yana-da kengaytirishni rejalashtirmoqda.

abdulaziz abdurahmonov, centrum air, centrum holding, ipo

Abdurahmonov so‘nggi yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar tufayli xorijiy investorlarning O‘zbekistonga qiziqishi sezilarli darajada ortganini alohida ta‘kidlab o‘tdi.

“Bir paytlar xorijiy investorlar ‘O‘zbekiston ham Pokistonning o‘zimi?‘ deb so‘ragan paytlar bo‘lgan. Hozir o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun biznes yuritishning ayni vaqti”, — dedi u.

Fevral oyida Amerikaning Oppenheimer investitsiya kompaniyasi va Citibank Centrum Holding IPO‘sini tashkillashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. O‘shanda Oppenheimer vakillari kompaniyani taxminan $2 mlrdga baholagan holda aksiyalarni joylashtirishni hamda ularning qariyb 30% ini sotish orqali $600 mlnga yaqin mablag‘ jalb qilishni kutayotganini ma‘lum qilgan edi. IPO‘ga tayyorgarlikdan tashqari, xolding debyut yevroobligatsiyalar chiqarish orqali xalqaro qarz bozoriga kirishni ham ko‘rib chiqmoqda.

Centrum Holding matbuot xizmati Spot‘ning so‘roviga javoban potensial IPO parametrlari yuzasidan quyidagicha izoh berdi:

“Centrum Holding kompaniyaning ehtimoliy IPO‘ga tayyor bo‘lishi ustida ishlamoqda. Shu bilan birga, potensial IPO parametrlari haqida gapirishga hali erta”, — deyiladi izohda.

Spot, avvalroq, Uzbekistan Airways IPOsi 2027-yilga ko‘chirilishi mumkinligi haqida yozgandi.