Shavkat Mirziyoyev Obid Hakimovni iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchi lavozimidan ozod etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Uning o‘rnini avval Prezident administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Kamoliddin Mardonov egalladi.
Obid Hakimov Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari — ta’limni isloh qilish masalalari bo‘yicha lavozimga o‘tdi. U, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universiteti rektori vazifasini ham bajaradi.
Hakimov 2025-yil oktabrida iqtisodiy siyosat bo‘yicha prezident maslahatchisi etib tayinlangan. Bungacha u Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazini boshqargan.
Avvalroq Spot Ilxom Siradjev yangi Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari etib tayinlangani haqida yozgandi. Bungacha u Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.