Ilxom Siradjev Ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shu munosabat bilan u Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

U mazkur lavozimga 16-fevral kuni Hilola Umarova o‘rniga tayinlangandi.

Ilxom Siradjev uzoq yillar davomida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Moliya-iqtisod departamenti direktori lavozimida ham ishlagan.

U 2006−2017-yillarda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, Toshkent shahar o‘quvchilar texnik ijodiyot markazida turli vazifalarda faoliyat yuritgan.

Shuningdek, 2017−2023-yillarda Xalq ta’limi vazirligi bosh iqtisodchisi, Moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi boshlig‘i, Moliyaviy tahlil va rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i, Moliya departamenti direktori lavozimlarida ishlagan.

Avvalroq Spot Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim vazirligi yagona vazirlikka birlashtirilgani haqida yozgandi.

Prezidentning tegishli farmoni bilan ikkita vazirlik yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.