Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi aholi ehtiyoji yuqori bo‘lgan dori vositalarini omborlarda saqlab turish va sotuvga chiqarmaslik holatlaridan ogohlantirdi.
Agentlik bunday holatlar sunʼiy taqchillik va narxlar oshishiga olib kelsa, moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, bozor taʼminot zanjiriga asossiz cheklov o‘rnatish yoki dori vositalarini sotuvga chiqarmaslik amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi.
“Raqobat to‘g‘risida"gi qonun ga muvofiq, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiisteʼmol qilish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini asossiz oshirish holatlarida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga moliyaviy jarima qo‘llanilishi mumkin.
Jarima miqdori qoidabuzarlik davrida tovar realizatsiyasidan olingan tushumning 5%ini tashkil etadi.
May oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda marketpleyslarda dori-darmonlar savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.