Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida taqdimotda Transafg‘on temir yo‘li va logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi qaror loyihasi muhokama qilinganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi yo‘laklar soni 4 tadan 12 taga yetkazilgan. Natijada kunlik yuk avtomobillarini o‘tkazish quvvati 350−400 tadan 1 000−1 200 tagacha, temiryo‘l vagonlari esa 250 tadan 500 tagacha oshirilgan.
“Shuningdek, daryo portimiz bor. U orqali o‘tgan yili 250 ming tonnadan oshiq yuklar tashilgan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida bu 220 ming tonnani, qariyb ikki barobar ko‘proqni tashkil etdi. Bugun logistik xizmat ko‘rsatishga talab xorijiy investorlarda ham, mahalliy tadbirkorlarda ham kundan-kunga oshyapti”, — dedi hokim.
Qosimov yangi qaror bilan bir qator imtiyozlar berilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, chegarada logistika markazi barpo etish uchun 50 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Hokimning qayd etishicha, Afg‘oniston tadbirkorlari uchun xalqaro aviaqatnovlardan foydalanish imkonini beruvchi “yashil yo‘lak” va afg‘on mahsulotlarini reeksport qilish bo‘yicha takliflar ham qo‘llab-quvvatlangan. Bu masalalarni amalga oshirish uchun maxsus komissiyalar tuziladi.
“Afg‘on tadbirkorlari va o‘zimizning logistika kompaniyalari qo‘ygan talablar bo‘yicha ham kiritgan iltimosnomalarimiz to‘liq qanoatlantirildi. Afg‘on fuqarolari „yashil yo‘lak“ so‘ramoqda. Bu nima degani? Иu bizdagi mavjud xalqaro avialiniyalardan foydalanish huquqidir. Bunga rozilik bildirildi”, — dedi u.
Bundan tashqari, Ulug‘bek Qosimov afg‘on mahsulotlarini reeksport qilish masalasida Afg‘onistonda yetishtiriladigan organik mahsulotlar sotuvida ularda yuzaga keladigan muammolar bo‘yicha ham taklif kiritilganini aytdi. “Prezidentimiz yuzaga kelayotgan muammolarni yechib, tadbirkorlar uchun juda katta qulaylik yaratib berdi”, — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Spot Toshkent viloyatida qiymati $900 mlnlik uchta logistika markazi qurilishi haqida yozgan edi.
