Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida hududda umumiy qiymati qariyb $900 mln bo‘lgan uchta yirik logistika markazi qurilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi logistika markazi Angren va Ohangaron hududida barpo etilmoqda va u yirik taqsimlovchi bo‘lishi kutilyapti.
“Bu xalqaro standartga javob beradigan logistik xab. Bu yerga $100 mln investitsiya [yo‘naltiriladi], tadbirkor aniq. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li ishga tushgunga qadar ushbu logistika xabi faoliyatini boshlashi kerak. Bozir biz uchun eng qulay imkoniyat mavjud”, — dedi hokim.
Ikkinchi loyiha Yangiyo‘l tumanida qariyb 150 gektar maydonda qozog‘istonlik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Uning qiymati $300 mln bo‘lib, hozirgacha $144 mln investitsiya jalb qilingan. Mirzayev ushbu loyihani yakuniga yetkazish va qurilishini tezlashtirish masalasi oldinda turganligini qayd etdi.
Uchinchi logistika markazi esa Qibray tumanida — Qozog‘iston bilan chegaradagi S.Najimov chegara bojxona posti yaqinida quriladi. Buning uchun 20 gektar maydon tanlangan bo‘lib, loyiha qiymati $500 mlnni tashkil etadi.
“Eng asosiysi, biz hozirgacha e’tibor bermagan bitta jihat bor ekan: uchta logistik markaz kamida 7000 ta yangi ish o‘rnini yaratadi. Prezident ushbu markazlarda ishlovchilar uchun ham yashash va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari o‘z aksini topishi bo‘yicha topshiriq berdi”, — deya ta’kidladi viloyat hokimi.
Shu bilan birga, u “juda tez muddatda” mazkur topshiriqlar ijrosi bo‘yicha prezident hujjati qabul qilinishini bildirdi.
Spot, avvalroq, Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekiston logistikasiga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida yozgandi.