Avvalroq prezident transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Logistika markazlarida terminallarni boshqarish va omborni boshqarish tizimini joriy etish, ularni E-logistika platformasiga integratsiya qilish, avtotransport vositalarini onlayn kuzatish, avtotransport raqamlarini aniqlash va elektron hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.
Chegara o‘tkazish punktlarida yagona to‘xtash (one stop) tamoyilini joriy qilish orqali yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Sohada xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun logistika markazlariga zamonaviy uskunalar, omborxona va yuk ortish-tushirish texnikalari, agregat va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona boji hamda majburiy sertifikatlash talablarini yengillashtirish taklif qilindi.
Prezident transport-logistika tizimi mamlakat eksport salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi va hududlar rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Mutasaddilarga xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Spot, avvalroq, Yaqin Sharqdagi mojaro O‘zbekiston logistikasiga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida yozgandi.