2026-yil fevralidan beri Yaqin Sharqdagi vaziyat logistika va xalqaro savdo uchun asosiy mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Isroil, Eron va AQSh o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgach, Markaziy Osiyo uchun eng muhim tranzit yo‘laklaridan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda yopib qo‘yildi. Fors ko‘rfazi orqali kuniga qariyb 20 mln barrel neft, ya’ni jahon savdosining deyarli chorak qismi va global suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmining taxminan 19%i o‘tardi.
Yuk yetkazib berishdagi uzilishlar Afrikadan tortib Janubi-Sharqiy Osiyogacha bo‘lgan bozorlarga ta’sir ko‘rsatdi. Yirik tashuvchilar mintaqaga yuk jo‘natishni to‘xtatdi. Bozor ishtirokchilari yuk ta’minotidagi uzilishlar, tashish narxlarining o‘sishi va xalqaro transport yo‘nalishlari uchun xavf-xatarlar haqida tobora ko‘proq gapirmoqda.
O‘zbekiston uchun Eron dengiz portlariga hamda Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Turkiya va Yevropaga olib chiquvchi asosiy tranzit yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Eron yo‘lagi orqali katta hajmdagi xalqaro yuklar o‘tadi, shu bois bu yo‘nalishdagi har qanday cheklovlar logistika sohasida tezda o‘z aksini topadi.
Ayni paytda, O‘zbekiston so‘nggi yillarda Eron bilan logistika sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirib kelayotgan edi. Xususan, xalqaro transport yo‘laklari, terminallar va tashuvlar uchun qo‘shma infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgandi.
Spot bozor ishtirokchilari bilan hozirda logistika sohasida nimalar bo‘layotgani, jumladan, qaysi yo‘nalishlar yuklamani o‘z zimmasiga olayotgani, tariflar va muddatlar qanchalik oshgani hamda vaziyat qachon barqarorlashishi mumkinligi haqida suhbatlashdi.

CargoDeal logistika kompaniyasi asoschisi.
Eron atrofidagi vaziyat Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondagi logistikaga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Mintaqamiz uchun Eron shunchaki savdo hamkori emas, balki dengizga, Fors ko‘rfazi portlariga, Turkiyaga va so‘ngra jahon bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan asosiy tranzit yo‘laklaridan biridir.
Garchi 2025-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aylanmasi qariyb $579 mlnni yoki mamlakat tashqi savdo aylanmasining taxminan 0,7%ini tashkil etgan bo‘lsa-da, Eron yo‘nalishining ahamiyati bu raqamlardan ancha yuqori. Gap, avvalo, uning tranzit funksiyasi haqida ketmoqda. O‘zbekiston Eron hududi orqali Bandar-Abbos va Chobahor portlariga, shuningdek, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Turkiya va Yevropa tomon yo‘nalishlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kompaniyamiz MDH mintaqasiga ixtisoslashgani sababli Eron yo‘nalishining ulushi taxminan 3% ni tashkil etgan.
Umuman olganda, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining qariyb 6%i Yaqin Sharq mamlakatlari — Turkiya, BAA va Eron hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, janubiy yo‘nalishlar an’anaga ko‘ra aynan import uchun alohida muhim rol o‘ynab kelgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning import hajmi $47,35 mlrdni, eksporti esa $33,81 mlrdni tashkil etgan, shu sababli bu yo‘nalishdagi har qanday uzilishlar, birinchi navbatda, mamlakatga tovar yetkazib berishga ta’sir qiladi.
Yuk tashishlar tarkibiga kelsak, asosiy yuklama avtomobil transporti zimmasiga tushgan. Bozor ishtirokchilarining baholashicha, Turkiya-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston yo‘nalishidagi yuk tashishlarning qariyb 50−65%i aynan shu transport turiga to‘g‘ri kelgan. Yana 25−40%ini temiryo‘l tashuvlari egallagan bo‘lib, so‘nggi yillarda konteyner poyezdlari va tranzit yo‘nalishlari hisobiga ularning roli bosqichma-bosqich ortib borayotgan edi. Dengiz qatnovidan esa Bandar-Abbos, Chobahor va Fors ko‘rfazining boshqa portlari orqali multimodal zanjirning bir qismi sifatida 5−15% darajasida foydalanilgan. Aviatsiya eng kam ulushni — 1−2% ni egallab, asosan shoshilinch va qimmatbaho yuklar uchun qo‘llanilgan.
Hozirda Eron orqali o‘tadigan yo‘nalishlarning faoliyati jiddiy murakkablashgan. Yuk oqimining bir qismi amalda to‘xtab qolgan, importchilar va eksportchilar esa zudlik bilan ta’minot zanjirlarini qayta qurishga majbur bo‘lmoqda. Ayniqsa, Bandar-Abbos atrofidagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda — yuklarning bir qismi allaqachon portga yetib kelgan, biroq ularning keyingi taqdiri noaniq. Erondagi harbiy holat tufayli aloqa va internet bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda, shu bois ma’lumotlar oqimi o‘ta cheklangan.
Shu sharoitda muqobil yo‘nalishlarga tushadigan yuklama keskin ortmoqda. Gap, birinchi navbatda, Qozog‘iston yoki Turkmaniston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Gruziya orqali Turkiya hamda Yevropaga yo‘nalgan O‘rta koridor (Trans-Caspian International Transport Route) haqida ketmoqda. Ayni paytda aynan shu yo‘nalish Eron yo‘nalishiga asosiy muqobil sifatida qaralmoqda.
Biroq muqobil yo‘nalishlar hozircha Eron yo‘lagining o‘rnini to‘liq bosa olmayapti. Yangi zanjirlar masofa jihatidan ham, yetkazib berish muddati bo‘yicha ham o‘rtacha 20% ga uzunroq. Bundan tashqari, yuk tashish narxi ham oshyapti. Masalan, Turkiya-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha tariflar allaqachon o‘rtacha 10−20% ga oshgan.
Ammo muammo faqat yo‘nalishlarning uzayishida emas. Oqimlarning qayta taqsimlanishi dastlab bunday hajmlarga mo‘ljallanmagan infratuzilmaga qo‘shimcha yuklama yaratmoqda. Tirbandliklar yuzaga kelmoqda, tariflardagi beqarorlik kuchaymoqda, yetkazib berish muddatlari esa oldindan aytib bo‘lmaydigan holga kelmoqda. Logistika moslashuvchan soha bo‘lib qolsa-da, tushunarli narx siyosati va barqaror muddatlarga ega bo‘lgan o‘rnashib qolgan yo‘nalishlarni yo‘qotish bozor uchun doimo og‘riqli kechadi.
Yoqilg‘i narxining oshishi qo‘shimcha bosim yaratmoqda. Eron atrofidagi vaziyat fonida neft mahsulotlari qimmatlashmoqda, bu esa yuk tashish tannarxiga bevosita ta’sir qiladi. O‘zbekistonda dizel yoqilg‘isining birja narxlari bir necha savdo sessiyasida 17,5% ga, yillik hisobda esa qariyb 24% ga oshgani kuzatildi. Yo‘nalishga qarab, qo‘shimcha logistika xarajatlari hozirda 10% dan 25% gacha bo‘lishi mumkin.
Bularning barchasi bozor xatti-harakatlarining o‘zgarishiga olib kelmoqda. Biznesda mablag‘lar aylanmasi davri uzaymoqda, xatarlar va xarajatlar ortmoqda, kompaniyalar esa yetkazib berishni rejalashtirishda ehtiyotkorroq bo‘lib qolyapti. Shu bilan birga, xalqaro savdo butunlay to‘xtab qoldi, deyish mumkin emas — aksincha, yuk oqimlarining turli yo‘nalishlar o‘rtasida qayta taqsimlanishi yuz bermoqda. Xalqaro yuk tashishlarga talab saqlanib qolmoqda, biroq u beqarorlashib, Qozog‘iston, O‘rta koridor, Kavkaz va Xitoy yo‘nalishlari tomon siljimoqda.
Bu vaziyat nafaqat logistikaga, balki kengroq iqtisodiy vaziyatga ham ta’sir qilmoqda. Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Markaziy Osiyoning tranzit davlatlari va butun mintaqaviy yuk tashishlar bozori bosim ostida qolmoqda. Natijada tovarlar tannarxining yanada oshishi, yetkazib berish muddatlarining uzayishi, ishbilarmonlik faolligining sekinlashishi va jahon savdosiga qo‘shimcha bosim kuchayishini kutish mumkin.

Starways Logistics logistika kompaniyasi bosh direktori
Yaqin Sharqda yuz berayotgan voqealar O‘zbekiston logistikasiga allaqachon sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, mamlakat xalqaro yuk oqimlarining qariyb 40%i u yoki bu darajada Yaqin Sharq yo‘nalishiga bog‘liq edi. Bu oqimning salmoqli qismini — taxminan 30%ini — aynan Eron koridori ta’minlab kelardi. O‘zbekiston uchun bu dengiz portlari va xalqaro bozorlarga chiqishning asosiy yo‘llaridan biri hisoblanar edi.
Gap, birinchi navbatda, import va eksport tashuvlari haqida bormoqda. Ularning asosini multimodal zanjirlar, ya’ni avtomobil, dengiz va temiryo‘l transportining birikmasi tashkil etardi.
Eron yoki Turkiya portlari orqali avtotransport va dengiz yo‘llaridan foydalanish sxemasi eng ommabop yo‘nalish bo‘lib qolayotgan edi. Asosiy yuk oqimlari Bandar-Abbos va Jabal Ali orqali o‘tgan.
Eron atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi fonida logistika zanjirlari jiddiy o‘zgarishga yuz tuta boshladi. Hozircha Eron koridoriga to‘laqonli muqobil yo‘q, qo‘llanilayotgan marshrutlar esa uzunroq, qimmatroq va muddatlari bo‘yicha oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib chiqmoqda. Ayni paytda Turkiya va uning portlari, jumladan, Mersin asosiy muqobil bo‘lib turibdi. Biroq bu yo‘nalishlarga yuklama keskin oshdi, bu esa deyarli barcha xalqaro yo‘nalishlarda infratuzilmaning haddan tashqari yuklanishiga, navbatlarning yuzaga kelishiga hamda tashish narxlarining o‘sishiga olib keldi.
Eron yo‘nalishi safdan chiqqach, yetkazib berish muddatlari va qiymati sezilarli darajada oshdi. Masalan, ilgari Toshkent-Mersin yo‘nalishida Eron orqali tranzit tashuvi taxminan $2,2 mingga tushardi. Hozir bu qiymat $4,2 mingga yetmoqda, chunki tashuvchilar ancha qimmatga tushadigan aylanma yo‘llar va paromlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Yetkazib berish muddatlari ham o‘zgardi. O‘sish o‘rtacha 7 kundan 10 kungacha, ayrim yo‘nalishlarda esa bundan ham ko‘proqni tashkil etmoqda. Bunga parom liniyalaridagi navbatlar, portlarning haddan tashqari yuklangani, tranzit chegaralaridagi kechikishlar va bo‘sh transport vositalari tanqisligi asosiy sabab bo‘lmoqda.
Yoqilg‘i narxlarining o‘sishi ham qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Yoqilg‘i narxi o‘rtacha kamida 20% ga oshdi va bu bevosita tashuvchilarning tariflari hamda logistikaning yakuniy qiymatida aks etmoqda. Transport xarajatlari tovarlar tannarxiga kiritiladi, natijada esa kompaniyalarga mijozlar uchun avvalgi narxlarni saqlab qolish qiyinlashmoqda.
E’tiborlisi, buning oqibatlarini hatto Eron orqali bevosita ishlamagan kompaniyalar ham his qilmoqda. Tariflar o‘sishi va muqobil yo‘nalishlarning ortiqcha yuklanishi deyarli butun xalqaro tashuvlar bozoriga ta’sir qildi.
Shu bois biznesning bir qismi kutish pozitsiyasini egalladi. Ayrim kompaniyalar vaziyat barqarorlashishini kutib, yuk jo‘natishni kechiktirmoqda, yetkazib berish hajmini qisqartirmoqda yoki logistika zanjirlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bir qator yo‘nalishlarda xalqaro tashuvlarga bo‘lgan talab allaqachon pasaygan.
Mavjud vaziyatni biz uchun mutlaqo notanish, deya olmaymiz. Bozor COVID-19 pandemiyasi davrida, ya’ni marshrutlar keskin o‘zgarib, ayrim yo‘nalishlar yopilgan va tariflar oshgan paytda ham shunday transformatsiyaga duch kelgan edi. O‘shanda bo‘lgani kabi, hozirgi vaziyat ham logistika kompaniyalaridan moslashuvchan bo‘lishni, tezda muqobil yechimlar topishni va yangi sharoitlarga doimiy moslashib borishni talab qiladi.
Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston uchun Eron koridori haqiqatan ham o‘ta muhim yo‘nalish bo‘lib qolayotgan edi — avvalo, xalqaro dengiz yo‘llariga chiqishning eng qisqa va iqtisodiy jihatdan samarali yo‘llaridan biri sifatida. Hozircha mavjud muqobillar na qiymat, na tezlik, na yetkazib berishning barqarorligi jihatidan bu yo‘nalishning o‘rnini to‘liq bosa olmayapti.