O‘zbekiston va Eron qo‘shma logistika markazi qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deya xabar bermmoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

18-iyun kuni O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Maxkamov Eron Islom Respublikasi Yo‘l va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrposh bilan uchrashdi.

Uchrashvuda tomonlar transport sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, transport koridorlarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bilan bog‘liq jihatlarni muhokama etishdi.

Xususan, tomonlar “O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron” uch tomonlama multimodal transport koridorini rivojlantirishga va foydalnish bo‘yicha o‘zbek tomoni taqdim qilgan bitmni tez orada kelishishga, avtomobil transportida yuk tashuvlari jarayonida Eron tomonidan o‘zbek milliy tashuvchilaridan undirilyotgan yig‘imlarni paritet asosida kamaytirish, shuningdek, yoqilg‘i solig‘i yig‘imlarini ham boshqa davlatlarniki bilan tenglashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar mamlakatlar o‘rtasida savdo-sotiq munosabatlarini yanada rivojlantirish, yuk tashuvlari hajmini keskin oshirish maqsadida Eron — O‘zbekiston qo‘shma logistika markazini barpo etish, qolaversa, Eron hududida joylashgan Chobahor va Bandar-Abbos portlar hududida o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida terminallar va omborlarni qurishga kelishib olindi.

Yo‘l qurilishi sohasida Eron tajribasi yuqori ekanligini inobaga olgan holda qo‘shma korxona tashkil etishga, shuningdek, temir yo‘l transporti sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mas’ul idoralar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilab olindi.


Avvalroq “Spot” Xitoyning “Taitong International"kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazlarini qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Rejaga ko‘ra, logistika markazlari Andijon, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida quriladi.