Qirg‘izistonning Asman Airlines aviakompaniyasi Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida parvozlarni amalga oshiradi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.
15-may kuni Qirg‘iziston kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida yangi yo‘lovchi aviareyslarni yo‘lga qo‘yish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Aviakompaniya Toshkent xalqaro aeroporti va Qirg‘iziston aeroportlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalari bilan tanishtirdi.
Birinchi bosqichda Toshkent-Tamchi (Issiqko‘l) yo‘nalishi bo‘yicha reysni ishga tushirish rejalashtirilgan, dastlabki muddat joriy yil 24-iyun etib belgilangan. Parvozlar Dash 8−400 turidagi havo kemalarida amalga oshiriladi.
Kelgusida qirg‘iz aviakompaniyasi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirmoqchi: kuz mavsumiga Toshkent-O‘sh, qishki mavsumga esa Toshkent-Qoraqo‘l (Karakol) yo‘nalishlari bo‘yicha reyslarni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan. Shuningdek, Toshkent va Bishkek o‘rtasida aviaqatnovlarni ochish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Uchrashuvda mintaqaviy aviaqatnovlarni rivojlantirish imkoniyatlari, jumladan, Qirg‘izistondan O‘zbekistonning hududiy aeroportlari — Andijon, Farg‘ona va Namangan xalqaro aeroportlariga reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Asman Airlines davlat aviakompaniyasi Qirg‘iziston aeroportlari’ning shuba korxonasi hisoblanadi. Aviatashuvchi Dash 8 Q400 turidagi turbovintli havo kemalarida parvozlarni amalga oshiradi. Aviakompaniyaning yo‘nalishlar tarmog‘i Qirg‘izistonning asosiy shaharlarini, shuningdek, Olmaota va Xo‘jand kabi xalqaro yo‘nalishlarni qamrab oladi. Uning O‘zbekistonga aviaqatnovlarni amalga oshirish rejalari 2025-yilning mart oyida ma’lum bo‘lgan.
Avvalroq Spot Toshkent va Praga o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni qayta tiklash rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.
