Instagram foydalanuvchilari postlarga izohlarda rasm biriktirish imkoniyati sinovdan o‘tayotganini payqashdi. Bu haqda vc.ru nashri xabar berdi.

Hozircha rasmiy izoh berilmagan, biroq foydalanuvchilar bu funksiya haqida “rils"lar joylamoqda.

instagram, izoh, rasm

Ijtimoiy tarmoqning o‘zbekistonlik foydalanuvchilari ham yangi funksiya qo‘shilgani haqida ma’lum qilib, o‘z postlariga rasm bilan izoh yozishni so‘ramoqda.

Ba’zilar bu yangilik bilan birga GIF-fayllarni biriktirish imkoniyati ham qo‘shilganini yozmoqda, biroq bu funksiya ilovada 2023-yildan beri mavjud.

Surat yuborish imkoniyati hamma postlar ostida ham mavjud emas (Spot muharriri ham buni aniqladi). Servis akkauntlarni qaysi mezon asosida tanlashi hozircha noma’lum.

Bitta rasm yuklash mumkin, u ham qurilma galereyasidan olinadi va xohishga ko‘ra, unga izoh yozsa bo‘ladi.

Yuborilgandan so‘ng faqat matnni tahrirlash mumkin. Rasmning o‘zini almashtirish yoki sharhdan “qirqib olish” imkoni yo‘q, uni o‘chirib yuborishga to‘g‘ri keladi.

Instagram 8-maydan shaxsiy xabarlarni boshidan oxirigacha shifrlashni o‘chirib qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

Ushbu o‘zgarish ta’sir ko‘rsatgan chatlar foydalanuvchilari kerakli mediafayllar va xabarlarni yuklab olish bo‘yicha ko‘rsatmalarni oladi.