Instagram 8-maydan boshlab shaxsiy xabarlardagi uzluksiz shifrlashni o‘chirib qo‘ydi, deya xabar berdi The Guardian nashri.

Ushbu o‘zgarish ta’sir ko‘rsatgan chatlar foydalanuvchilari kerakli mediafayllar va xabarlarni yuklab olish bo‘yicha ko‘rsatmalarni oladi.

Instagram’ning eski versiyasidan foydalanilganda chatlarni yuklab olish uchun ilovani yangilash talab etilishi mumkin.

Meta mart oyidayoq 2026-yilning may oyidan Instagram’dagi shaxsiy xabarlar shifrlashini o‘chirish rejalarini e’lon qilgandi.

Kompaniya vakili Dina al-Qassabi Lyus The Verge nashriga bu qarorni funksiyadan “juda kam odam foydalangani” bilan izohlagan.

“Kimda-kim uzluksiz shifrlangan xabarlar almashishda davom etishni istasa, buni WhatsApp orqali bemalol amalga oshirishi mumkin”, — dedi u.

Meta bosh direktori Mark Sukerberg kompaniya platformalarida uzluksiz shifrlashni joriy etish rejalarini ilk bor 2019-yilda ma’lum qilgan, biroq ularni amalga oshirishni faqat 2023-yilda boshlagan edi, deb eslatadi The Guardian.

O‘shanda Meta bolalarni himoya qilish guruhlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar alyansining tanqidiga uchragan, ular shifrlash bolalarning internetdagi xavfsizligini ta’minlash imkoniyatlarini zaiflashtirishi mumkinligini da’vo qilgandi.

Digital Rights Watch tashkilotining siyosat bo‘limi rahbari Tom Salston mart oyida The Guardian nashriga aytishicha, Instagram’da uzluksiz shifrlashning bekor qilinishiga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar talablarini qondirish emas, balki Metaning WhatsApp, Facebook (Meta'ga tegishli) va Instagram’ni yagona platformaga o‘tkazishdan voz kechgani sabab bo‘lgan.

Yanvar oyi oxirida Bloomberg xalqaro da’vogarlar guruhi Meta’ni sudga berib, kompaniyaning WhatsApp chat xizmati maxfiyligi va xavfsizligi to‘g‘risidagi da’volari yolg‘on ekanini aytganini xabar qildi.

Kompaniya esa bu da’voni asossiz deb atab, messenjer o‘n yildan buyon uzluksiz shifrlashdan foydalanib kelayotganini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot Instagram taniqli va oddiy foydalanuvchilarning millionlab obunachilarini o‘chirib tashlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarning o‘chirilishini “katta tozalash” deb atay boshladi.