Instagram foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoq yulduzlarning “millionlab” obunachisini o‘chirib tashlaganini payqashdi, biroq bu “tozalash” oddiy mualliflarga ham ta’sir qildi.
Qancha akkaunt o‘chirilgani aniq ma’lum emas, biroq ularning soni “o‘n millionlab” deb hisoblanmoqda.
Masalan, Kayli Jenner 15 mln, Krishtianu Ronaldu 8 mln, Selena Gomez va Ariana Grande 6 mlndan, Teylor Svift 4 mln, Jastin Biber esa 5 mln obunachisidan ayrildi. Janubiy Koreyaning Blackpink guruhi ham 10 mln obunachisini yo‘qotdi.
Foydalanuvchilar akkauntlarning o‘chirilishini “katta tozalash” deb atay boshladi. Obunachilar soni kamaygani haqida oddiy foydalanuvchilar ham yozmoqda.
Ularning ba’zilari 500 dan 60 minggacha kuzatuvchisidan ajralib qolgan. Mualliflar o‘z auditoriyasining taxminan 2% idan 5% igacha qismini yo‘qotgan.
Instagram ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi bu borada hali rasmiy bayonot bermadi.
Biroq OAV bu “tozalash” sun’iy ravishda obunachi orttirish, soxta va “o‘lik” akkauntlarga qarshi kurashish harakatlarining bir qismi ekanini yozmoqda.
Avvalroq Instagram postlar ostidagi izohlarni tahrirlash imkoniyatini qo‘shayotgani haqida xabar berilgandi.
Foydalanuvchilar o‘z izohlarini e’lon qilinganidan keyin 15 daqiqa ichida tahrirlashlari mumkin bo‘ladi.
9To5Mac nashrining ta’kidlashicha, bu kichik, ammo “uzoq kutilgan” o‘zgarish: endi foydalanuvchilar imlo xatosi tufayli yoki xabarni “yumshatish” uchun izohni o‘chirib, qayta yozishlari shart emas.
TechCrunch ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilar ajratilgan vaqt davomida izohni bir necha marta tahrirlashlari mumkin bo‘ladi.