Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni hududlarda intensiv sanoatlashgan bog‘larni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda 572,6 ming gektar bog‘ va tokzor mavjud bo‘lib, ular yiliga $1 mlrdlik eksportni ta’minlamoqda, 882 ming nafar aholi daromad olmoqda.
Yer va suv resurslari cheklangan hozirgi sharoitda sohadagi o‘sishni faqat maydonlarni kengaytirish hisobidan emas, balki har bir gektardan olinadigan hosildorlik va daromadni oshirish orqali ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Intensiv, sanoatlashgan bog‘dorchilikni kengaytirish orqali 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari eksportini $10 mlrdga yetkazish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda mavjud bog‘ va tokzorlar holati tahlil qilindi: 61 ming gektar eskirgan va 18 ming gektar yaroqsiz bog‘larni yangilash zarur. Ayrim hududlarda bunday maydonlardan gektariga bor-yo‘g‘i 5 tonna hosil olinmoqda, yillik daromad esa 10 mln so‘mga ham yetmayapti.
Masalan, Pop tumanidagi 1 200 gektar eski va yaroqsiz bog‘lar o‘rnida eksportbop navlar ekilib, quritish, saralash va qadoqlash bo‘yicha agrologistika markazlari tashkil etilsa, hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirish mumkin.
Tumanda 84 gektarda barpo etilgan eksportbop gilos bog‘i tajribasi ham intensiv bog‘dorchilikning amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. Hali to‘liq hosilga kirmagan yosh ko‘chatlardan ham gektariga 7 tonnadan hosil olinib, bir kilogramm mahsulot $8 dan eksport qilinmoqda.
Shu bois, eski va yaroqsiz bog‘lar bilan ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy etish taklif qilindi. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, sanoatlashgan bog‘lar barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha xulosa beradi.
Shu bilan birga, 12 oy davomida sanoatlashgan bog‘ barpo etilmagan maydonlar uchun yer va suv solig‘i stavkasini oshirish, bu holat yana 12 oy davom etsa, suvdan foydalanishni cheklash taklif etildi.
Prezident yerdan samarali foydalanish ustidan nazoratni raqamlashtirish zarurligini ta’kidladi. Eskirgan va yangi sanoatlashgan bog‘lar holatini kosmik tasvirlar orqali monitoring qilish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlashtirishni bekor qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.