O‘zbekiston temir yo‘llari (O‘TY) Toshkent va Xiva o‘rtasida Jaloliddin Manguberdi tezyurar poyezdini rasman yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
5-may kuni ertalab Toshkent-Markaziy (Shimoliy) vokzalida ushbu harakatni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘TY rahbarining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Raxmetov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Von Do-Yon, shuningdek, ishlab chiqaruvchi — Hyundai Rotem delegatsiyasi ishtirok etdi.
Poyezd 250 km/soatgacha tezlikga erisha oladi va shaharlar o‘rtasidagi 1220 kilometr masofani 7,5 soatda bosib o‘tadi — bu mavjud tezyurar poyezdlardan deyarli ikki baravar tezroq.



Uzunligi 175 metr bo‘lgan 7 vagonli tarkib 389 o‘ringa mo‘ljallangan. Poyezdlar O‘zbekistonning iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan va -40 dan +50 darajagacha bo‘lgan haroratda harakatlana oladi, shuningdek, qum-bo‘ronlaridan himoyalangan.
Yo‘lovchilar poyezdda o‘rindiqlarni ikki yo‘nalish bo‘yicha burishlari mumkin. Vagonlar videokuzatuv kameralari, shuningdek, xarita va harakat tezligini ko‘rsatadigan maxsus ekranlar bilan jihozlangan.
Poyezdni ishga tushirish uchun Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘lining 450 kilometri elektrlashtirildi. Ishga tushirishdan oldin O‘TY va Hyundai Rotem mutaxassislari harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir qator rejali texnik sinovlar va nazorat ishlarini o‘tkazdilar.
Jaloliddin Manguberdi poyezdi Toshkent va Xiva oralig‘ida haftasiga uch marta qatnab, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarida to‘xtab o‘tadi.
Poyezdlar quyidagi jadval asosida qatnaydi:
- Toshkentdan jo‘nash — 7:00, Xivaga yetib borish — 14:31 (seshanba, payshanba, shanba);
- Xivadan jo‘nash — 7:20, Toshkentga yetib borish — 14:51 (chorshanba, juma, yakshanba).
Hyundai Rotem poyezdi
10-dekabr kuni Janubiy Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan O‘zbekistonga yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem poyezdlarining birinchi partiyasi jo‘natildi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Temiryo‘lekspress matbuot kotibi Sanjar Abduxalilovning ma’lum qilishicha, birinchi poyezd 2026-yil boshida kelishi kutilmoqda. Keyin yuqori tezlikdagi poyezd uch oylik dinamik sinovlardan o‘tkaziladi. Birinchi tijorat reysi 2026-yilning ikkinchi choragiga (aprel-iyun) ko‘zda tutilgan.
Dekabr oyi oxirida mazkur tezyurar poyezdlar O‘zbekistonga multimodal yo‘l bilan yetkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgandi. Joriy yilning fevralida tarmoqlarda Hyundai Rotem poyezdlari O‘zbekistonda texnik sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Mart oyining o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev Samarqanddan Narpay tumaniga yangi Hyundai Rotem poyezdida keldi. Jaloliddin Manguberdi sharafiga nomlangan ushbu poyezd O‘zbekistonga olib kelinadigan oltita Hyundai Rotem tarkibining birinchisi bo‘ldi. Poyezd yetti vagondan iborat bo‘lib, soatiga 260 km tezlikka erisha oladi.
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni yetkazib berish mavzusi prezidentning 3-may kuni Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun-Chxol bilan uchrashuvida ko‘tarilgan edi.
Koreya Eksimbanki huzuridagi Taraqqiyot uchun hamkorlik jamg‘armasining (EDCF) imtiyozli mablag‘lari hisobidan temir yo‘l transportini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Avvalroq Spot Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi O‘zbekistonga 10 ta elektropoyezd yetkazib berishi haqida yozgandi.


