O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Ukraina yuk tashuvlari uchun yagona tranzit ruxsatnomalarini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

15-may kuni Ostona shahrida TRASEKA (Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo‘lagi) Hukumatlararo komissiyasining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tashkilot Bosh kotibi lavozimiga saylov o‘tkazildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev TRASEKA Bosh kotibi etib saylandi.

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Ukraina o‘rtasida TRASEKA yagona tranzit ruxsatnoma blankasi to‘g‘risidagi Hukumatlararo Bitim imzolandi.

Mazkur hujjat yuk tashuvchilarga bitta ruxsatnoma blankasi bilan Bitimga a‘zo bir nechta davlatlar hududidan hech qanday qo‘shimcha ruxsatnomalarsiz o‘tish imkonini beradi.

Vazirlik bu ma‘muriy to‘siqlarni bartaraf etish va tranzit vaqtini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Yig‘ilishda Transport vaziri Ilhom Mahkamov transport koridori jozibadorligini oshirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, transport jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va “qog‘ozsiz tranzit” tizimiga o‘tish, yo‘nalishlardagi mavjud cheklovlarni bartaraf etish hamda normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tashkilot faoliyatiga xalqaro moliya institutlarining grantlari va imtiyozli kreditlarini jalb qilish choralarini ko‘rish taklif etildi.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunida mintaqaviy transport aloqalarini mustahkamlash va TRASEKA doimiy kotibiyati faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Spot, avvalroq, Rossiyada xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar uchun bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirilgani haqida yozgandi.