Rossiyada xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar uchun yangi tartib joriy etildi. Bu haqda Huquqiy hujjatlar portalida ma’lum qilindi.
Qarorga ko‘ra, yaqin xorij davlatlaridan kelgan haydovchilarning mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddati bir kalendar yili davomida 180 kungacha uzaytirildi.
Vizasiz tartibda Rossiyaga kirib, xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan professional haydovchilar maxsus ariza topshirish orqali yil davomida jami 180 kungacha qolishi mumkin.
Mazkur o‘zgarishlar logistika jarayonlarini yengillashtirish va haydovchilar uchun ish sharoitlarini soddalashtirishga qaratilgan.
Yangi qoidalar MDHga a’zo davlatlar hamda Gruziya fuqarolariga tatbiq etiladi va 2026-yil 30-iyundan kuchga kiradi.
Yanvar oyida o‘zbekistonlik haydovchilarning Rossiyada bo‘lish muddati 90 kundan 180 kungacha uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Asosan Rossiyaga mahsulot eksport qiluvchi Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi Lazar Natural Fruits Export kompaniyasi vakili o‘zbekistonliklarning Rossiyada bo‘lish muddatini amaldagi 90 kundan 180 kunga uzaytirishni so‘radi. Uning aytishicha, yuk mashinalari haydovchilari limit tugashi bilan mamlakatga kirishda cheklovlarga duch kelmoqda.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadovning maʼlum qilishicha, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga bu masala yuzasidan “rossiyalik hamkor"ga murojaat qilgan.
2025-yildan boshlab Rossiyaga vizasiz rejimda kiruvchi chet el fuqarolarining ruxsat etilgan vaqtincha bo‘lish muddati kalendar yili davomida jami 90 kungacha qisqartirildi. Ilgari xorijliklar Rossiyada 180 kun ichida 90 kundan ortiq bo‘lmasligi mumkin edi.
O‘tgan kuzda Migratsiya agentligi o‘zbekistonliklarni “90/365” qoidasiga rioya qilishga — 365 kun davomida Rossiyada 90 kundan ortiq qolmaslikka chaqirdi. Qoidalarni buzish 3 yildan 10 yilgacha Rossiyaga kirishni taqiqlashga olib kelishi mumkin.
Avvalroq Spot xorijiy og‘ir yuk avtomobillarining O‘zbekistonda yurishi uchun to‘lovlar pasaytirilgani haqida yozgandi.
Og‘ir yukli va yirik gabaritli transport vositalari o‘tishi uchun arizalarni ko‘rib chiqish, yo‘nalishni kelishish va ruxsatnoma berish uchun to‘lovlar qariyb 1,4 baravar kamaytirildi.