2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning ulushi yalpi ichki mahsulotning 22,9% ini tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
Yanvar-iyun oylarida YIM hajmi 1,072 kvadrillion so‘mga yetib, real hisobda 8,5% ga o‘sdi. Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 245,48 trln so‘mni tashkil etdi. Uning YIMdagi ulushi esa 2025-yilning birinchi yarmidagi 26,1% dan 22,9% gacha kamaydi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot tarkibiga uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati, shuningdek, yashirin iqtisodiyot kiradi. Birinchi yarim yillikda norasmiy iqtisodiyot hajmi 165,47 trln so‘mni yoki YIMning 15,4% ini tashkil etdi. Yashirin iqtisodiyot hajmi esa 80,02 trln so‘mga yoki YIMning 7,5% iga baholandi. Birinchi chorakka nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot tarkibi o‘zgarmagan.
Yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning eng katta ulushi an’anaviy ravishda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri keldi — 60,5%. Keyingi o‘rinlarda xizmatlar sohasi (23%), qurilish (17,8%) va sanoat (6,7%) qayd etildi.
Birinchi chorakka nisbatan tarmoqlar kesimidagi ulushlarda o‘zgarish kuzatildi. Qishloq xo‘jaligida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 81,1% dan 60,5% gacha, qurilishda 23,9% dan 17,8% gacha, xizmatlar sohasida esa 24,5% dan 23% gacha kamaydi. Sanoatda esa ko‘rsatkich 6,7% darajasida o‘zgarishsiz qoldi.
2025-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti 498 trln so‘mni ($39,62 mlrd) yoki YIMning 26,9% ni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot 351,04 trln so‘m (19%), yashirin iqtisodiyot esa 147 trln so‘m (7,9%) bo‘lgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot xavfini baholovchi platforma ishga tushirilishi haqida yozgan edi.