Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sohada prokuror nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35% dan 23% gacha kamaydi, budjetga qo‘shimcha 38 trln so‘m undirildi, rasmiy band aholi soni 8,5 mln nafardan oshdi, rasmiy o‘rtacha ish haqi esa 6,5 mln so‘mga yaqinlashdi.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Statistik baholashlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qishloq xo‘jaligida 81,1 trln so‘mni, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 24,5 trln so‘mni, qurilishda 23,9 trln so‘mni, sanoatda esa 6,7 trln so‘mni tashkil qilmoqda.
Yashirin iqtisodiyot budjet daromadlarini kamaytirish bilan bir qatorda mamlakatdagi sog‘lom raqobat muhitiga salbiy taʼsir ko‘rsatish, norasmiy bandlik tufayli fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganlik darajasini pasaytirish, aholi (isteʼmolchilar) hamda tadbirkorlik subyektlarining qonun bilan belgilangan kafolat va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan to‘liq foydalana olmaslik kabi oqibatlarga olib keladi.
Mamlakatda 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobar qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 mln nafarga, naqdsiz to‘lovlar ulushini 75% ga yetkazish maqsad qilingan.
Davlat rahbari tomonidan sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda sohalar va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi, ehtimoliy budjet yo‘qotishlari va qo‘shimcha daromad manbalarini aks ettiradigan yagona raqamli platformani yaratish, ushbu platforma yordamida xufiyona aylanmalarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash hamda bartaraf etish zarurligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.
Taqdimotda aynan shu maqsadda Bosh prokuratura tomonidan yaratilgan va sinov tariqasida ishga tushirilgan Yashirin iqtisodiyot xaritasi platformasining imkoniyatlari haqida axborot berildi.
Platforma iqtisodiyotning 22 ta asosiy tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta maʼmuriy hudud va 208 ta tuman-shahar kesimida yashirin aylanmalar xavfini aniqlash va masʼullar tomonidan ularning bartaraf etilishini nazorat qilish orqali budjet daromadlarini oshirish hamda sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Platformani ishlab chiqishda soliq, bojxona, moliya, iqtisodiyot, statistika, ekonometrika va ehtimollar nazariyasi yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator malakali mutaxassislar jalb qilinib, yuzdan ortiq xavf mezonlari ishlab chiqilgan hamda ularga hudud va tarmoqlarning o‘ziga xos xususiyatlari, soliq rejimi, tovar aylanmasi, budjet uchun ahamiyati va boshqa omillarni inobatga olgan holda individual koeffitsiyentlar belgilangan.
Soha va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy budjet yo‘qotishlarini aniqlash maqsadida platformaga 16 ta masʼul vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilingan va barcha maʼlumotlarni real vaqt rejimida qayta ishlash imkoniyati yaratilgan.
Platforma tahlillari asosida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy budjet yo‘qotishi miqdoridan kelib chiqib, soha va hududlar avtomatik tarzda “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratiladi.
Mazkur platforma orqali litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanma, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini yashirish, rentabellik va foydani kamaytirish kabi xavflar avtomatik aniqlanadi.


Taqdimotda platformaning imkoniyatlaridan foydalangan holda sohada prokuror nazoratini raqamlashtirish orqali uni yangi bosqichga olib chiqish taklif etildi.
Mazkur jarayonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga masʼul vazirlik va idoralarning kuch va vositalari platforma tahlillari asosida manzilli yo‘naltiriladi, ularni nazorat qilishda esa inson omili yana-da kamaytiriladi.
Yashirin iqtisodiyot xavfi yuqori bo‘lgan soha va hududlar avtomatik tarzda aniqlanadi, sabablar tahlil qilinadi, masʼul idoralarga manzilli topshiriqlar beriladi, ijro nazorat qilinadi va natijalar baholab boriladi.
Agar tuman yoki shahar darajasida muammo hal etilmasa, masala viloyat bosqichiga, zarur hollarda respublika darajasiga olib chiqiladi. Tizim orqali muammoning ildiz sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish, qonunchilikni takomillashtirish va budjet daromadlarini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda asosiy eʼtibor raqamlashtirish, maʼlumotlar almashinuvini kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va nazoratni manzilli tashkil etishga qaratilishi zarurligini yana bir bor taʼkidladi.
Masʼullarga 1-oktabrga qadar 70 dan ortiq axborot tizimini platformaga integratsiya qilish, 1-yanvarga qadar barcha hududlar va sohalarni ushbu platforma bilan qamrab olib, to‘liq ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda mutasaddilarning masʼuliyatini oshirishda prokuror nazoratini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi banklardan omonatlar va yirik P2P-o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni olmoqchi ekani haqida yozgandi.

