Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlariga oid axborotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, banklarga yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga elektron shaklda ma’lum qilish, shuningdek, soliq nazoratini amalga oshirish uchun soliq organlarining so‘roviga ko‘ra axborot taqdim etish taklif etilmoqda.

Asosiy takliflardan biri — jismoniy shaxslarning bank kartalariga boshqa fuqarolarning (yaqin qarindoshlar bundan mustasno) kartalari yoki elektron hamyonlaridan bir oy davomida katta miqdorda pul kelib tushishi holatlari yuzasidan ma’lumot almashishdir.

Bunda, agar bunday tushumlarning umumiy summasi kalendar oyida bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan oshsa, banklar bu haqda soliq organlariga ma’lumot taqdim etishi kerak bo‘ladi. Hozirda 500 BHM 206 mln so‘mni tashkil etadi, 2026-yil 1-sentabrdan esa bu miqdor 220 mln so‘mga yetadi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan chet eldagi yuridik shaxslarga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etilishi nazarda tutilgan. Bunda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilmaydi.

Agar hujjat qabul qilinsa, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank ikki oy ichida avtomatlashtirilgan Bank-soliq axborot almashish modulini ishlab chiqishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, to‘rt oy muddatda banklarning axborot tizimlari ushbu platformaga integratsiya qilinishi rejalashtirilmoqda.

Qaror loyihasi 2026-yil 8-iyulgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Spot Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Avvalroq Spot top-6 bloger budjetga qariyb 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani haqida yozgan edi.