2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5% ga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.

Yanvar-iyun yakunlariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 1,073 kvadrillion so‘mni tashkil etib, real hisobda 8,5% o‘sdi. O‘sish sur’ati 2025-yilning birinchi yarmidagi 7,2% ko‘rsatkichga nisbatan tezlashdi, 2022-yildan buyon eng yuqori darajaga yetdi. YIM deflyator indeksi 109,8% ni tashkil etdi.

iqtisodiyot, yalpi ichki mahsulot, yim

Iqtisodiyot tarmoqlarining yalpi qo‘shilgan qiymati 8,5% ga oshib, YIM o‘sishiga 8,1 foiz punkt hissa qo‘shdi. Mahsulotlarga sof soliqlarning 8,3% ga ko‘payishi esa umumiy o‘sishga yana 0,4 foiz punkt qo‘shdi.

Iqtisodiy o‘sishga eng katta hissani sanoat qo‘shdi — 2 foiz punkt. Undan keyingi o‘rinlarda savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari (1,8 f.p.), tashish va saqlash, axborot va aloqa (1,5 f.p.), boshqa xizmatlar (1,1 f.p.), qurilish (1 f.p.) hamda qishloq xo‘jaligi (0,7 f.p.) qayd etildi.

Sanoatda yalpi qo‘shilgan qiymat 272,6 trln so‘mga yetib, 8% ga o‘sdi. Bunda asosiy o‘sish qayta ishlash sanoati hissasiga to‘g‘ri keldi — 8,8%. Tog‘-kon sanoati 2,1%, elektr, gaz, bug‘ va konditsiyalash tarmog‘i 7,9%, suv ta’minoti va chiqindilarni utilizatsiya qilish tarmog‘i esa 15,9% ga o‘sdi.

Qurilish iqtisodiyotning eng tez rivojlangan tarmoqlaridan biri bo‘lib, 13,7% ga o‘sib, 79,1 trln so‘mni tashkil etdi. Fuqarolik obyektlari qurilishi 21,5%, ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari 39,8%, bino va inshootlar qurilishi esa 8,5% ga oshdi.

Xizmatlar sohasi 9,2% ga o‘sib, yalpi qo‘shilgan qiymati 521,5 trln so‘mga yetdi. Eng yuqori o‘sish axborot va aloqa (23,2%), tashish va saqlash (15,8%), savdo (15%) hamda yashash va ovqatlanish xizmatlari (10,8%) da qayd etildi. Boshqa xizmatlar 4,1% ga o‘sdi.

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 4,7% ga o‘sdi. Bunda eng yuqori o‘sish baliqchilik (35,8%) va o‘rmon xo‘jaligi (6,3%) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Iqtisodiyot tarkibida ham kichik o‘zgarishlar kuzatildi. Sanoatning ulushi yalpi qo‘shilgan qiymatda 25,9% dan 26,5% gacha oshdi. Xizmatlar ulushi 51,1% dan 50,8% gacha, qishloq xo‘jaligi ulushi esa 15,3% dan 15% gacha kamaydi. Qurilish ulushi 7,7% darajasida saqlanib qoldi.

iqtisodiyot, yalpi ichki mahsulot, yim

Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, aholi jon boshiga YIM 27,95 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 6,6% ga oshib, 2022-yildan buyon eng yuqori o‘sishni qayd etdi.

Avvalroq Spot birinchi chorakda O‘zbekistonning davlat qarzi biroz oshib, $47 mlrdga yetgani haqida yozgandi.