2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb $47 mlrdga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.

1-aprel holatiga ko‘ra, yanvar-mart oylarida davlat qarzi $46,98 mlrdni tashkil etgan. Ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan bor-yo‘g‘i $134 mlnga (+0,3%), o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa $4,38 mlrdga (+10,3%) ko‘p. Biroq uning yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan ulushi yil boshidan beri 31,9% dan 26,6% gacha qisqargan.

Davlat qarzining asosiy qismi (85%) tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi — $39,78 mlrd (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 11,8%). Uning YIMga nisbati esa 22,5% gacha pasaygan. Bu davrda ichki qarz 2,56% yoki $180 mlnga o‘sib, $7,2 mlrdni tashkil etdi. (YIMga nisbatan ulushi — 4,1%)

Davlat tashqi qarzining 50%i — $19,7 mlrdi budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, $5,64 mlrdi (14%) yoqilg‘i-energetika, $3,58 mlrd (9%) — sog‘liqni saqlash, ta’lim va IT, $3,34 mlrd (8%) — qishloq va suv, $3,24 mlrd (8%) — uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda $3,04 mlrdi (8%) transport va transport infratuzilmasiga ajratilgan.

Tashqi qarz tarkibida kreditorlar qatorida xalqaro moliya institutlari $22,36 mlrd yoki jamiga nisbatan 56% bilan yetakchilik qildi:

  • Jahon banki — $9,04 mlrd (tashqi qarzning 23%i);
  • Osiyo taraqqiyot banki — $8,28 mlrd (21%);
  • Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $2,3 mlrd (6%);
  • Islom taraqqiyot banki — $1,11 mlrd (3%);
  • Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $622 mln (2%);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $449 mln (1%);
  • boshqa XMIlar — $568 mln (1%).

Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 29% — $11,61 mlrdni tashkil etadi:

  • Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,9 mlrd (10%);
  • Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,1 mlrd (8%);
  • Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,32 mlrd (3%);
  • Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $738 mln (2%);
  • Germaniya (Germaniya davlat banki) — $730 mln (2%).

Shuningdek, yanvar-mart oylarida davlat tashqi qarzining 15%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keldi — $5,85 mlrd.

Bundan tashqari, tashqi qarzning 58%i ($27,47 mlrd) AQSH dollarida jalb qilingan. Yana 8%i yoki 3,94 mlrdi yevroda hamda 6%i yoki $2,78 mlrdi Yapon iyenasida olingan. Ichki qarzning 10%i ($4,62 mlrd) so‘mda jalb qilingan bo‘lsa, 5%i ($2,31 mlrd) Amerika valyutasida jalb qilingan.

2025-yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $18,1 mlrdga oshib, $82,2 mlrdga yetdi. Korporativ tashqi qarz birinchi marta davlat qarzidan oshdi — mos ravishda $41,7 mlrd va $40,5 mlrdni tashkil etdi.

Avvalroq Spot birinchi chorakda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi kamaygani haqida yozgan edi. Uning YIMdagi ulushi o‘tgan yilgi 24,8% dan 22,9% ga tushdi. Bu asosan qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari hisobiga ro‘y berdi.