Qozog‘iston vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari uchun mamlakatga kirishda ETA (Electronic Travel Authorization) — elektron ruxsatnoma tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda.

Avgust oyi boshida mazkur tizimini joriy etishni rejalashtirilayotgani va tegishli hujjat loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Mamlakat tomonidan jroiy qilinayotgan yangi tartib O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli bo‘ladi. Hozirda tizim sinov rejimida ishlamoqda.

ETA viza hisoblanmaydi. U Qozog‘istonga vizasiz kirish huquqiga ega xorijiy fuqarolar uchun safardan oldin olinadigan elektron ruxsatnoma hisoblanadi.

Qachondan majburiy bo‘ladi?

Hozircha ETA olish majburiy emas. 25-avgustdan boshlangan sinov davrida ruxsatnomasiz kirayotgan xorijliklar chegarada yangi talab haqida ogohlantiriladi.

Amaldagi reja bo‘yicha:

  • 1-noyabrdan — Qozog‘istonga samolyotda kiruvchilar uchun;
  • 15-noyabrdan — O‘zbekiston, Xitoy va Turkmaniston kabi davlatlardan quruqlik orqali kiruvchilar uchun;
  • 30-noyabrdan — Rossiya, Qirg‘iziston, Belarus va Armaniston bilan quruqlikdagi chegaralar orqali kiruvchilar uchun;
  • 15-dekabrdan — temiryo‘l va dengiz portlari orqali kiruvchilar uchun ETA talab qilinadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondan Qozog‘istonga avtomobil yoki avtobusda boradigan fuqarolar uchun ETA 15-noyabrdan majburiy bo‘lishi kutilmoqda.

ETA qanday olinadi?

Elektron ruxsatnoma QazETA mobil ilovasi orqali rasmiylashtiriladi. Arizani safardan kamida 72 soat oldin topshirish kerak.

Rasmiy qo‘llanmaga ko‘ra, jarayon quyidagicha:

  1. QazETA ilovasini yuklab olish. Ilovani QazETA platformasi orqali iOS yoki Android qurilmasiga o‘rnatish mumkin.
  2. Ro‘yxatdan o‘tish. Ilovada akkaunt yaratilib, zarur maydonlar to‘ldiriladi. Ro‘yxatdan o‘tishni OTP-kod orqali tasdiqlash kerak.
  3. “ETA uchun ariza” bo‘limini tanlash. Bu bo‘lim bosh sahifada yoki “Raqamli xizmatlar” menyusida joylashgan.
  4. Shartlar bilan tanishish va rozilik berish.
  5. Pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatni skaner qilish. Ilova kamera orqali hujjatni suratga olib, undagi ma’lumotlarni avtomatik o‘qiydi.
  6. Ma’lumotlarni tekshirish. Ilova tanib olgan ism-familiya, tug‘ilgan sana va boshqa ma’lumotlar hujjat bilan solishtiriladi.
  7. Anketani to‘ldirish. Safar bilan bog‘liq zarur ma’lumotlar kiritiladi.
  8. Qo‘shimcha hujjatlarni biriktirish. Zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha hujjatlar yuklanadi.
  9. Arizani yuborish. Ariza yuborilgach, uning holatini ilovadagi “Mening arizalarim” bo‘limidan kuzatish mumkin.

Narxi qancha turadi?

Hozirgi sinov davrida ETA bepul rasmiylashtirilmoqda. Keyinchalik xizmat pullik bo‘lishi rejalashtirilgan, biroq yakuniy tarif hozircha rasman e’lon qilinmagan.

Serbiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, ruxsatnomani QazETA orqali olish taxminan 3900 tenge (taxminan 100 ming so‘m), chegarada rasmiylashtirish esa 7800 tenge (taxminan 200 ming so‘m) bo‘lishi mumkin. Ushbu summalar hozircha yakuniy tasdiqlangan tarif hisoblanmaydi.

ETA bilan Qozog‘istonda qancha muddat qolish mumkin?

ETAning amal qilish muddati 180 kun. Biroq bu 180 kun davomida uzluksiz Qozog‘istonda qolish mumkin degani emas. Mamlakatda qolish muddati fuqarolik va amaldagi migratsiya tartibiga qarab belgilanadi.

Shuningdek, ETA Qozog‘iston hududiga kirishni avtomatik ravishda kafolatlamaydi. Chegarada mamlakatga kiritish bo‘yicha yakuniy qarorni vakolatli davlat organi qabul qiladi.

Kimlarga ETA kerak emas?

Diplomatik va xizmat pasporti egalari, rasmiy delegatsiyalar a’zolari hamda Qozog‘istonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ETA olishdan ozod etiladi.

QazETA — faqat ETA bilan cheklanmaydigan yagona raqamli platforma bo‘lib, unda elektron viza, elektron rezidentlik va Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tganlik haqidagi ma’lumotnomani olish kabi xizmatlar ham mavjud.


Avvalroq Spot Tailand 15-sentabrdan O‘zbekiston uchun vizasiz rejimni bekor qilishi haqida yozgandi.