Qozog‘iston hukumati xorijliklar uchun pullik elektron kirish ruxsatnomasi (e-permit) tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi tegishli hujjat loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Bu haqda digitalbusiness.kz nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozircha bu yakuniy qaror emas — hujjat 17-avgustgacha muhokama qilinadi, shundan so‘ng qabul qilinishi mumkin.

Yangi tartibga ko‘ra, ayrim xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Qozog‘istonga safar qilishdan oldin elektron kirish ruxsatnomasini rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Ushbu hujjat davlat organlari shaxsning mamlakatga kirishiga rozilik berganini tasdiqlovchi raqamli ruxsatnoma vazifasini bajaradi.

Ta’kidlanishicha, elektron ruxsatnoma vizaning o‘rnini bosmaydi. U oldindan tasdiqlash tizimi bo‘lib, dunyoning bir qator davlatlarida, jumladan Yangi Zelandiya va boshqa mamlakatlarda ham shunga o‘xshash mexanizmlar qo‘llaniladi.

Hozircha to‘lov miqdori e’lon qilinmagan. Uni keyinchalik Qozog‘iston hukumati alohida qaror bilan belgilaydi. Shuningdek, yangi tartib qaysi davlatlar fuqarolariga va qaysi toifadagi sayohatchilarga tatbiq etilishi ham hozircha ochiqlanmagan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, elektron ruxsatnoma uchun yig‘iladigan mablag‘lar:

  • migratsiya tizimining raqamli infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash va modernizatsiya qilish;
  • shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish;
  • chegaradagi raqamli xizmatlarni rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Qonunga ko‘ra, tushumning bir qismi xorijliklar uchun raqamli platformani rivojlantirishga, qolgan qismi esa Qozog‘istonda ichki va kirish turizmini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Loyiha tasdiqlansa, tizim 2026-yil avgustidan dekabrigacha bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu davrda chegara punktlari va raqamli infratuzilma yangi tartibga moslashtiriladi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, yangi tizim xorijliklarning mamlakatga kirishi ustidan nazoratni raqamlashtirish, migratsiya oqimlarini aniqroq hisobga olish va davlat xizmatlarini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.


Avvalroq Spot Qozog‘iston xorijliklar uchun “oltin viza” joriy qilishi haqida yozgandi.

Vizani mamlakat kompaniyalarining ustav kapitaliga yoki qimmatli qog‘ozlarga kamida $300 ming sarmoya kiritgan xorijliklar olishi mumkin bo‘ladi.