Avvalroq prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, iqtisodiy kompleksning barcha rahbarlari Xorazmda qolib, kambag‘allik bilan ishlash tizimini o‘zgartirish bo‘yicha tahlil o‘tkazdi.

Ikki hafta davomida viloyatdagi 81 ming kambag‘al aholi, ya‘ni 19 ming oilaning holati o‘rganildi. Ushbu oilalarda 12 ming ishsiz va 10 ming daromadi past aholi borligi aniqlandi.

Ayni paytda Xorazmdagi tadbirkorlar qurilish sohasiga 4 ming, xizmatlar sohasiga 3 ming va sanoatga 2,5 ming ishchi izlamoqda.

Mas‘ullarga ishsiz va kam daromadli aholini korxonalar talabi asosida kasbga o‘qitib, ish bilan ta‘minlash imkoniyatlarini ishga solish vazifasi qo‘yildi.

Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlaridan foydalanish orqali kambag‘al oilalardagi 10−15 ming nafar aholi daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.

Xorazmda o‘rganilgan kambag‘al oilalarda 48 ming nafar bola borligi qayd etildi. Biroq mas‘ullarda ushbu yoshlar bilan alohida shug‘ullanish va ularni hozirdan kasb-hunarga jalb etish bo‘yicha maxsus dastur mavjud emas.

Viloyatning har bir tumanida kamida 1−2 tadan texnikum va 4−5 tadan o‘quv markazi faoliyat yuritayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish vazifasi belgilandi.

Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol bola parvarishi bilan band. Bunday oilalar farzandlarining bog‘cha qamrovi 75% ga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

646 nafar kollej o‘quvchisi hamda oliygoh talabasining hududdagi yangi loyihalardan kelib chiqib, dual ta‘lim asosida kasbiy ko‘nikmalarini oshirish imkoniyati bor.

Shuningdek, kambag‘al oilalardagi pensiya yoshidagi va nogironligi bo‘lgan 526 nafar insonga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali parvarish bilan band oila a‘zolariga daromadli mehnat bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratish mumkinligi ta‘kidlandi.

Xorazm misolidagi tahlillar barcha viloyatlarga taalluqli ekani qayd etilib, kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Mazkur tizimga muvofiq, mahalla yettiligi uchun mas‘ul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tadi.

Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi. Banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralari ushbu shtablarga joylardagi masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambag‘allik va bandlik masalalari bilan shug‘ullanadi.

Spot, avvalroq, Xorazmda 81 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish va 39 ming ishsizni ishga joylashtirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.