Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Kredit tarixida kechikish bo‘lgan ehtiyojmand aholining loyihalarini ham individual baholash asosida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Kambag‘allik jamg‘armasidagi 240 mlrd so‘m, Bandlik jamg‘armasidagi 100 mlrd so‘m va uchta “daftar"dagi 760 mlrd so‘m mablag‘ tuman shtablari ixtiyoriga beriladi.
Ushbu shtab subsidiya yoki foizsiz ssuda berish masalasini ham mustaqil hal qiladi. Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 mlrd so‘mlik qoldig‘i ham shtablar orqali ajratiladi.
Shu tariqa tumanlar ixtiyoriga jami 3,2 trln so‘m resurs yo‘naltirilib, mablag‘larning aniq natija berishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini farmon va qarorlar bilan belgilash amaliyotidan voz kechilishi ma’lum qilindi.
Endi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank hududlar salohiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini har chorakda yangilab boradi.
Tuman shtablari mahallalardagi hokim yordamchilarini “loyihabay” ishlash tizimiga o‘tkazadi.
Buning uchun 8 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi, fidoyi va tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanib, ishiga noloyiqlar yangilanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya berilishi haqida yozgan edi.