Hukumat qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma‘muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Reglamentga ko‘ra, xarajatlarni qoplash Turizm qo‘mitasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi.

Har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startapga uni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50%i, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan Turistik startap loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tarkibi shakllantiriladi.

Ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida talabgorga suhbat o‘tkazilishi haqida xabarnoma yuboriladi.

Komissiya suhbatdan so‘ng 10 ish kuni ichida talabgorning reglamentda belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganadi.

Startapni baholashda uning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, turistlar uchun dolzarbligi hamda ilgari mavjud bo‘lmagan yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan yechimni taklif etish darajasiga e‘tibor qaratiladi.

Xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilingach, Turizm qo‘mitasi 7 ish kuni ichida mablag‘larni talabgorning xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazadi.

Spot, avvalroq, turizm biznesiga yangi imtiyozlar berilishi haqida yozgandi.