Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlar belgilab berildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini “ijtimoiy reyestr"ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Bunda aholi daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlayotgani kabi omillarni qamrab oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi.
Respublikada kambag‘allik darajasi 3,9% ga tushgan bo‘lsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5% ni tashkil etmoqda.
Prezident bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.
Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi. Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga “passiv daromad” keltiradigan ijtimoiy paket uchun joriy yil 300 mlrd so‘m ajratilgan.
Bunday yordam olgan 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi. Bir haftada ushbu tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
“Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi”, — dedi davlat rahbari.
Vaucher 12 oy muddatga beriladi va ehtiyojmand oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham amal qiladi.
Avvalroq Spot nogironligi bo‘lgan bolalarni o‘qitayotgan xususiy maktablarga subsidiya ajratilishi haqida yozgan edi.