Shavkat Mirziyoyev alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oxirgi uch yilda ijtimoiy xizmatlar soni 23 tadan 140 taga yetdi. Har yili o‘rtacha 4,6 mlnta, jumladan, mahalla darajasida qariyb 2 mlnta ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatda nogironligi bo‘lgan 168 mingdan ortiq bola bor. Ularning 133,8 ming nafari taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Yana 34,6 ming nafar bolani taʼlimga jalb etish zarur.
Buning uchun ijtimoiy xodimlar ishtirokida “oilabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir bolaning ehtiyojlari erta bosqichda va kompleks baholanib, unga mos taʼlim muhiti hamda zarur xizmatlar belgilanadi.
Yangi baholash mexanizmi 2026-yil 1-oktabrdan Xorazm va Navoiy viloyatlarida tajriba tariqasida joriy etiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan maxsus maktablarda taʼlim bolaning ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va o‘zlashtirish darajasidan kelib chiqib tuziladigan individual rejalar asosida tashkil etiladi.
Ko‘zi ojiz pedagoglarga, shuningdek, maxsus maktablarning boshlang‘ich sinflariga shaxsiy assistent va yordamchi xodimlar ajratiladi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning uyiga yaqin joyda taʼlim olishiga sharoit yaratish maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi.
Har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv muhitni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.
2027-yildan bolalarni matnni o‘qish qurilmalari, ovoz sintezatorlari, Brayl displeylari va boshqa assistiv jihozlar bilan vaucher asosida taʼminlash taklif etildi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa nogironligi bo‘lgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qo‘shimcha vaqt, Brayl alifbosi, surdotarjimon, assistent va boshqa zarur sharoitlar yaratiladi.



Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham yangi yondashuvlar ishlab chiqilgan.
Hozir respublikada jami 726 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida ularga 1,1 ming nafar shaxs joylashtirilgan.
Amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi. Boshpanasiz shaxslar ushbu markazlarga o‘z murojaati asosida, “mahalla yettiligi"ning o‘rganish natijalariga ko‘ra yoki ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori ko‘magida joylashtiriladi.
Ularning har biri uchun individual reja ishlab chiqilib, hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirish choralari belgilanadi.
Markazlarda bandlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalari tashkil etilib, tadbirkorlarga bo‘sh joylar imtiyozli shartlarda ijaraga beriladi. Boshpanasiz shaxslarga kasbga o‘qish uchun vaucher ajratish, ularni ijtimoiy ehtiyojmand toifalar qatoriga kiritish va ular uchun ish o‘rinlarini zaxiralash nazarda tutilmoqda.
Nodavlat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish orqali vaqtinchalik boshpana, issiq ovqat va kiyim-bosh bilan taʼminlash qamrovi kengaytiriladi.
Spot, avvalroq, nogironligi bo‘lgan haydovchilar uchun parkovka imtiyozlari onlayn rasmiylashtirilishi haqida yozgandi.


