O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli avtoturargoh huquqini berishni raqamli formatga o‘tkazish taklif etildi. Adliya vazirligi tegishli qaror loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qildi.

Hujjat I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli avtomobillarga “nogironligi bo‘lgan haydovchi” belgisini majburiy o‘rnatishni bekor qilishni nazarda tutadi.

Shuningdek, ularga avtoturargohdan bepul foydalanish uchun tibbiy ma’lumotnoma, nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari va vasiylariga esa pensiya guvohnomasini taqdim etish talab etilmaydi.

Imtiyozli avtoturargohdan foydalanish huquqi ijtimoiy karta orqali tasdiqlanadi. Haydovchi bitta kartaga 2 tagacha avtomobilni bepul biriktirishi mumkin.

Imtiyozni quyidagi usullardan biri orqali rasmiylashtirish mumkin:

  • ijtimoiy kartani rasmiylashtirishda proaktiv tartibda;
  • Inson ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilinganda;
  • Baraka mobil ilovasida;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida.

Arizada shaxsiy ma’lumotlar (ismi va familiyasi, tug‘ilgan sanasi, JSHSHIR, pasport ma’lumotlari), telefon va elektron pochta, shuningdek imtiyoz rasmiylashtirilayotgan avtomobil raqami ko‘rsatilishi talab etiladi. Nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari va vasiylari ham ularning ma’lumotlarini ko‘rsatishlari kerak.

Avtoturargoh imtiyozining amal qilish muddati 5 yilni tashkil etadi. Voyaga yetishiga 5 yildan kam vaqt qolgan nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari va vasiylari uchun imtiyoz ular voyaga yetgunga qadar amal qiladi.

Imtiyoz O‘zbekistondagi barcha pullik avtoturargohlarda amal qiladi. Ularning xodimlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘xtash joylaridan bepul foydalanish huquqini davlat raqamlarini aniqlash tizimlari yordamida tasdiqlashi mumkin bo‘ladi.

Yangi tartib Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2026-yil 1-sentabrdan, boshqa hududlarda esa 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Shu bilan birga, qaror loyihasida 1-avgustdan boshlab avtoturargoh imtiyozlarini ijtimoiy kartalarga bog‘lash xizmati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, portalda hujjat muhokamasi 19-iyunga qadar davom etadi.


Avvalroq Spot endi Toshkentda noto‘g‘ri “parkovka” qilingan avtomobillar jarima maydoniga olib ketilishi haqida yozgandi.