3-oktabr kuni Zangiota tumanida temiryo‘l yo‘l o‘tkazgichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev va O‘zbekiston transport prokurori Ikrom Narimov ishtirok etdi.
Yo‘l o‘tkazgich Sabir Rahimov — O‘rtaovul temiryo‘l uchastkasida joylashgan. Davlat kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, u poytaxt va viloyat o‘rtasidagi transport oqimini tartibga solishga xizmat qiladi.
Yo‘l o‘tkazgich qurilishi joriy yil iyun oyida boshlangan. Loyiha doirasida uzunligi 23,6 metr bo‘lgan ikki yo‘lli temiryo‘l ko‘prigi qurildi.
Loyiha uchun himoya devorlari poydevoriga 237 ta burg‘ilab o‘rnatiladigan qoziq qo‘yilib, ularga 11 ming kub metr beton quyildi.
Shuningdek, suv o‘tkazish inshootlari barpo etildi, yomg‘ir va erigan qor suvlarini xavfsiz chiqarish uchun ikkita quvur o‘rnatildi hamda zamonaviy piyodalar yo‘laklari qurildi.


Jami 60 ming kub metrga yaqin tuproq ishlari bajarildi. Ko‘prik qurilishi uchun umumiy uzunligi 1 200 metr bo‘lgan aylanma temiryo‘l tarmog‘i va avtomobil yo‘li barpo etildi. Shuningdek, 800 metr kontakt tarmog‘i qayta yotqizildi.
O‘zbekiston temir yo‘llari ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichning ochilishi Zangiota tumani aholisi va tranzit yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratadi.
Yangi inshoot tirbandliklarni bartaraf etish, yo‘lda harakatlanish vaqtini qisqartirish va mahalliy avtomobil yo‘llariga tushadigan yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.

