Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida $592 mlnlik 11 ta obyektni foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etgani haqida yozgandi.
Davlat rahbari xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati $7 mlrd bo‘lgan yana 47 ta yangi investitsiya loyihasi qurilishiga ham start berdi. Ular doirasida 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Yangi loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab oladi.
Jumladan, Qo‘ng‘irot tumanida 1,5 GVt quvvatli yirik shamol elektr stansiyasi qurilishining faol bosqichi boshlanadi. Qiymati $2,6 mlrd bo‘lgan loyiha Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi ishtirokida amalga oshiriladi.
Shamol elektr stansiyasini tarmoqqa ulash uchun 1,5 ming km magistral elektr tarmoqlari tortiladi. Shuningdek, 500 kV kuchlanishli uchta yangi podstansiya qurilib, ikkita mavjud podstansiya modernizatsiya qilinadi.
Chimboy tumanida koreyalik hamkorlar bilan yiliga 3 mln kub metr quvvatga ega qizilmiya ildizidan biogaz ishlab chiqarish majmuasi, Nukusda esa chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavod tashkil etiladi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham ikkita loyiha amalga oshiriladi. G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu A-380 avtomobil yo‘lining 92 km uzunlikdagi qismida qurilish ishlari boshlanadi. Loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki $233 mln ajratgan.



Nukusda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida jamoat transportini rivojlantirish loyihasi amalga oshiriladi. 112 ta elektrobus xarid qilinib, ular uchun yangi depo quriladi.
Bundan tashqari, Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlarida xitoylik hamkorlar bilan $2,28 mlrd lik raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt uchun data-markazlar qurish loyihalari amalga oshiriladi.
Yana bir data-markaz Taxtako‘pir tumanida quriladi. Qorao‘zak tumanidagi Zengibobo konida esa $20 mlnlik oltin qazib olish korxonasi tashkil etila boshladi.
Turkiyalik hamkorlar ishtirokida Nukusdagi Do‘stlik kanali bo‘yida Toshkentdagi Seoul Mun majmuasi namunasida dam olish zonalariga ega savdo-ko‘ngilochar majmua quriladi. Loyihaning dastlabki qiymati $103 mln. Amudaryo tumanida esa $15 mlnlik yirik zamonaviy savdo markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Hindistonlik hamkorlar yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatadigan shifoxona va tibbiyot fanlari universitetini tashkil etishda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, prezident Nukusdagi “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivi loyihasi bilan tanishdi. 270 gektar hududda 30 ming aholi uchun ko‘p qavatli uylar, biznes-markazlar, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar qurish bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlandi.
Avvalroq Spot Nukusda issiqlik ta’minoti $20 mlnga yaxshilanib, shahar markazlashgan issiqlik tizimiga ulanishi haqida yozgandi.


