Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi markaziy qozonxonani kogeneratsiya texnologiyasi asosida modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi va birinchi bosqichda $20 mlndan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.

Ta’kidlanishicha, hozirda Nukusdagi 47 ta ko‘p qavatli uy markaziy isitish tizimiga ulangan, 270 ta uy esa lokal isitish tizimidan foydalanmoqda. Qolgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar qo‘lbola isitish vositalari bilan isitilmoqda.

Mavjud markaziy qozonxona 1976-yilda qurilgan bo‘lib, asosan ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatadi. Uskunalarning eskirgani sababli uning energiya samaradorligi past: 1 gigakaloriya issiqlik ishlab chiqarish uchun 153 kub metr tabiiy gaz va 30 kVt/soat elektr energiyasi sarflanadi, quvvati esa soatiga 1,6 gigakaloriyani tashkil etadi.

issiqlik, shavkat mirziyoyev, issiqlik ta’minoti, qoraqalpog‘iston, nukus

Loyihaga ko‘ra, qozonxona kogeneratsiya texnologiyasi asosida modernizatsiya qilinadi. Bu texnologiya bitta yoqilg‘i manbaidan bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Natijada resurslardan samaraliroq foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlari hamda atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmini kamaytirish rejalashtirilgan.

Yangi majmua soatiga 34,4 gigakaloriya issiqlik va 21,5 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, 28 kilometr issiqlik tarmoqlari tortilib, 189 ta individual issiqlik punkti o‘rnatiladi. Ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarning ichki isitish tizimlari tiklanadi, gaz hamda elektr infratuzilmasi yangilanadi.

issiqlik, shavkat mirziyoyev, issiqlik ta’minoti, qoraqalpog‘iston, nukus

Birinchi bosqichda 136 ta ko‘p qavatli uydagi qariyb 6 ming xonadon, ya’ni 23 ming nafar aholi va 40 ta ijtimoiy soha obyekti markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanadi. Keyingi bosqichlarda esa Nukusdagi barcha ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy obyektlarni markazlashgan isitish tizimiga ulash ko‘zda tutilgan.

Majmuani 2028-yil fevralida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Modernizatsiyadan so‘ng qozonxonaning foydali ish koeffitsiyenti 80% dan 91% ga oshadi, issiqlik ishlab chiqarish hajmi bir necha o‘n baravar ko‘payadi hamda yiliga 172 ming MVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, yiliga 12,2 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi, zararli chiqindilar kamayishi va 19 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

issiqlik, shavkat mirziyoyev, issiqlik ta’minoti, qoraqalpog‘iston, nukus

Prezident loyiha ijrosida, avvalo, aholini barqaror, xavfsiz va sifatli issiqlik bilan ta’minlash, qurilish ishlarini belgilangan muddatda hamda yuqori sifatda yakunlash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Nukus tajribasi asosida kelgusida Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshon shaharlaridagi qozonxonalarni ham kogeneratsiya va trigeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Avvalroq Spot Hyundai Farg‘onada biomassadan elektr energiyasi va issiqlik ishlab chiqaruvchi majmua qurishi mumkinligi haqida yozgan edi.