Toshkent shahri Shayxontohur tumanida fuqarolarni aldash bilan shug‘ullangan noqonuniy call-markaz faoliyati fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan D.X. va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni go‘yoki Uzum Market savdo ilovasining “kompaniya aksiyasi” g‘olibi bo‘lganini aytib, yolg‘on ma‘lumot bergan.
Ular sovg‘a uchun to‘lovni fuqarolarga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan Alvion, Mega Tecno va Mega Shop YTTlarga o‘tkazishni taklif qilgan. Keyinchalik aksiyada yutib olingan maishiy texnika yetkazib berilishini va‘da qilib, jabrlanuvchilardan mablag‘larni o‘tkazishga erishgan.
Shuningdek, guruh a‘zolari savdo platformasida o‘zlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Mahsulotni talab qilgan yoki shikoyat qilishini bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mos kelmaydigan mahsulotlar yuborilgan. Mablag‘lar o‘tkazilgach, ko‘p hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa uzilgan.
Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, Shayxontohur tumanidagi call-markazda 5 nafar operator faoliyat yuritgan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilgan.
Dastlabki tergovga qadar 110 nafardan ortiq fuqaroning 300 mln so‘mdan ziyod mablag‘i noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, 8 ta mobil telefon, shaxsga doir ma‘lumotlar va Uzum Nasiya ilovasidan ajratilgan limitlar qayd etilgan 150 varaq hamda 2 ta daftar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda guruh a‘zolarining respublikaning boshqa hududlaridagi firibgarlik holatlariga aloqadorligini aniqlash, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash va qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Spot avvalroq Buxoroda 60 dan ortiq fuqaroning pullarini APK fayllar orqali o‘g‘irlagan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.