AQSH prezidenti Donald Tramp federal hukumat organlarida terminologiyani o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Oq uyning ma’lumotiga ko‘ra, endilikda barcha vazirlik va idoralar sun’iy intellekt (AI) o‘rniga superintellekt (Super Intelligence, SI) atamasidan foydalanishi kerak.

Talab ijro hokimiyatining rasmiy yozishmalari, jamoatchilikka mo‘ljallangan bayonotlari, siyosiy hujjatlari va qonunlarda mustahkamlanmagan boshqa materiallariga taalluqli.

Prezidentning fan va texnologiyalar bo‘yicha yordamchisiga “superintellekt” va “SI” uchun federal ta’rif ishlab chiqish hamda yangi terminologiyani joriy etish uchun zarur bo‘ladigan qo‘shimcha choralarni taklif qilish topshirilgan.

Oq uy bu qarorni yangi atama texnologiyaning imkoniyatlarini aniqroq aks ettirishi bilan izohlamoqda. Ma’muriyat fikricha, bunday texnologiyalar inson aqlini shunchaki taqlid qilish yoki avtomatlashtirish bilan cheklanmay, inson ijodkorligining yangi shakllarini ochadi va ilgari imkonsiz bo‘lgan natijalarga erishish imkonini beradi.

Ma’lumotnomada AQSH ushbu sohada dunyo yetakchisi ekani va mamlakatda sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlar boshlanganiga 70 yildan ortiq vaqt bo‘lgani qayd etilgan.

Ma’muriyat avvalgi hukumatning bu sohadagi “haddan tashqari va zararli” siyosatlarini bekor qilganini bildirgan.

2025-yil iyulida Oq uy sun’iy intellekt bo‘yicha 90 dan ortiq federal chora-tadbirni o‘z ichiga olgan harakatlar rejasini e’lon qilgan. 2026-yil martida esa “Superintellekt bo‘yicha milliy siyosat konsepsiyasi” taqdim etilgan.

Shuningdek, “Genesis missiyasi” ham tilga olingan. Unga $5 mlrd dan ortiq mablag‘ ajratilishi e’lon qilingan bo‘lib, mablag‘lar fan, tibbiyot, energetika va ishlab chiqarishdagi ilmiy-texnologik yutuqlarni tezlashtirishga yo‘naltiriladi.


Avvalroq Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt yomon niyatli odamlar qo‘lida milliardlab odamlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida aytgandi.