Sun’iy intellekt ma’lum bir ssenariyda milliardlab odamning o‘limiga olib keladigan hodisalarni yuzaga keltirish uchun yetarlicha kuchli. Microsoft asoschisi Bill Geyts NBC News’ga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.
Geytsning so‘zlariga ko‘ra, asosiy xavf zamonaviy SI vositalari va yomon niyatli odamlarning birlashuvidan kelib chiqadi. Uning ta’kidlashicha, ilgari insoniyatda bunday katta miqyosda zarar yetkazish imkonini beradigan kuchli vositalar bo‘lmagan.
“SI, shubhasiz, milliardlab odamning o‘limiga olib keladigan hodisalarni boshqarish uchun yetarlicha kuchli”, — deydi Geyts.
Shu bilan birga, Geyts SI bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning o‘zini o‘zi nazorat qilishi yetarli emas, deb hisoblaydi. Uning fikricha, texnologiya rivojini nazorat qilishga davlatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va siyosatchilar ham jalb qilinishi kerak.
U SI xavfsizligi va monitoringiga qo‘yiladigan majburiy talablarni joriy etishni qo‘llab-quvvatladi. Geytsning baholashicha, bunday choralar soha xarajatlarini oshiradi, biroq texnologiyalar rivojini sezilarli darajada sekinlashtirmasligi kerak.
Bu fikr AQSHda SI xavfsizligi bo‘yicha davlat nazorati masalasi faol muhokama qilinayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Masalan, Kongressda ilg‘or AI tizimlari uchun xavfsizlik standartlari, mustaqil testlar va favqulodda o‘chirish mexanizmlarini joriy etishga oid turli takliflar ilgari surilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim siyosatchilar va sanoat vakillari bunday choralar qanchalik qat’iy bo‘lishi kerakligi borasida turlicha fikrda.
Geytsning pozitsiyasi faqat SI xavfsizligi bilan cheklanmaydi. U yaqinda SI va robotlar rivojlanishi sabab ayrim kasblar qisqarishi mumkinligini ham ta’kidlab, kelajakda ayrim ishlarni faqat odamlar bajarishi uchun alohida sohalarni saqlab qolish g‘oyasini ilgari surgan.
Avvalroq Spot Bill Geyts sun’iy intellekt rivojlanishini sekinlatishga chaqirgani haqida yozgandi.
Microsoft asoschisiga ko‘ra, SIni to‘xtatish emas, uning rivojlanish tezligini jamiyatning unga tayyorlanish tezligiga moslashtirish kerak.