Avvalroq prezident ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Joriy yil 1-sinfga 800 ming bola qabul qilindi — o‘tgan yilgiga nisbatan 10% ko‘p. 2030-yilga borib, ularning soni 1 mln ga yetishi kutilmoqda. Har yili investitsiya dasturlari hisobidan 180−200 ming o‘quvchi o‘rni yaratilmoqda.

Prezident o‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar ochishni qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy mexanizmlarini e‘lon qildi.

Ushbu hududlarda maktab tashkil etish uchun 7 yillik 10% li imtiyozli kredit, ochish va jihozlash xarajatining 15% igacha, ko‘pi bilan 1,5 mlrd so‘m subsidiya beriladi. Binosini maktabga ijaraga berganlar yer va mulk solig‘idan imtiyoz oladi.

Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish xarajatining yarmi qoplanadi.

Farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 mln dan 6 mln so‘mga oshiriladi. Bu oilalarga yiliga 6−7 mln so‘m tejash imkonini beradi; soliq idoralari to‘lovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Spot avvalroq qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun OTMlarga qo‘shimcha 7 mingta o‘rin ajratilgani haqida yozgandi.