O‘zbekistonda B2 sertifikati bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomasi hozircha bekor qilinmaydi, deya xabar berdi Ta’lim xabarlari.
Tegishli ko‘rsatma xati 28-sentabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga yuborilgan.
Unga ko‘ra, ayni vaqtda belgilangan talab darajasidagi (kamida B2) sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari maktablarda ishlashni davom ettirishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 312-son qarorining 9-bandiga muvofiq, 2025−2026-o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Maktabgacha va maktab vazirligining maʼlum qilishicha, yuqoridagi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadida ishlab chiqilgan qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan.
Muhokama yakuni bo‘yicha natijalar manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan o‘rganilib, qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritilgan.
Keltirilishicha, mazkur loyiha bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingunga qadar belgilangan talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari ham umumiy o‘rta taʼlim maktablarida o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishga ruxsat beriladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingach, masala yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot berilishi maʼlum qilindi.
Avvalroq Spot maktab o‘qituvchilari magistraturada masofadan o‘qishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.