Hukumat qarori (VMQ-322-son) bilan oliy toifali maktab o‘qituvchilarini magistraturaga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan xalqaro akkreditatsiyalangan tizimda oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar pedagogika sohasining magistratura bosqichida masofaviy ta’lim shaklida o‘qishlari mumkin bo‘ladi.
Buning uchun 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bunday pedagoglarni Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida maqsadli magistraturada o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Maqsadli magistraturaga qabul oliy ta’lim tashkilotlarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Qabul qilinganlar ishidan ajralmagan holda, masofaviy shaklda ta’lim olishlari mumkin bo‘ladi. O‘qishni tamomlagan o‘qituvchilar esa uch yil davomida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ishlashi shart bo‘ladi.
Shuningdek, maqsadli magistraturaga qabul qilingan o‘qituvchilarga davlat OTMlari magistraturasida tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovini davlat budjeti hisobidan qoplash tartibi tatbiq etilmaydi.
Avvalroq Spot xorijiy va xususiy OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlangani haqida yozgan edi.