Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Bilim va malakalarni baholash agentligi sohada vakolatli davlat organi hisoblanadi. Arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar qabul qilinadi.

Talabalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), agentlikning elektron platformasi (my.uzbmb.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza topshirishlari mumkin. Buning uchun BHMning yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Arizalar davlat OTMlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qabul qilish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Quyidagilar arizani rad etishga asos bo‘ladi:

  • so‘rovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagani;
  • so‘rovnomada noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlangani;
  • belgilangan miqdordagi to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani.

Hujjatlari qabul qilingan talabgorlar mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sinovlardan (test yoki kasbiy-ijodiy imtihon) o‘tadi.

Bilimni baholash agentligi imithon yakunlangandan keyin bir hafta ichida QR-kod bilan himoyalangan test natijalarini elektron shaklda taqdim etadi.

Shuningdek, hujjat bilan chet tili va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlar uchun tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball berish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.

Sertifikatga ega bo‘lganlarga quyidagicha ball beriladi:

  • B1 darajadagi sertifikat uchun — tegishli fan bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 75%i;
  • B2 va undan yuqori darajadagi sertifikat uchun — tegishli fan bo‘yicha maksimal ball.

Mazkur baholash mexanizmi abituriyentlar uchun amal qilayotgan sertifikatlarni baholash tartibi asosida qo‘llaniladi.

Avvalroq Spot yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi haqida yozgan edi. Barcha oliygohlarda Tadbirkorlik asoslari fani o‘qitiladi, karyera markazlari faoliyati baholanib, eng yaxshi 20 ta oliygohga 500 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi.