Qozog‘istonda maktab o‘quvchilari uchun telefondan foydalanishning yangi qoidalari tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Kazinform nashri.
Tegishli buyruq 2026-yil 24-sentabrda imzolangan va u barcha maktablarga, ularning mulkchilik shakli yoki qaysi idoraga qarashli ekanidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, o‘quvchi dars vaqtida telefondan faqat ayrim holatlarda foydalanishi mumkin. Bunga telefon o‘qituvchining topshirig‘ini bajarish uchun kerak bo‘lishi, o‘quvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yoki tibbiy zarurat mavjud bo‘lishi kiradi.
Dars boshlanishidan oldin o‘quvchi telefonini ovozsiz rejimga o‘tkazishi, vibratsiya va ovozli bildirishnomalarni o‘chirishi yoki telefonni butunlay o‘chirib qo‘yishi kerak. Dars davomida esa yuqoridagi holatlardan tashqari telefondan foydalanish mumkin emas.
Agar maktabda tegishli sharoit bo‘lsa, telefonlarni saqlash uchun maxsus joylar tashkil qilinishi mumkin. Bunday joylardan foydalanish tartibi va telefonlarning saqlanishini ta’minlash choralari maktabning ichki tartib-qoidalarida belgilanadi.
Agar telefon o‘quv topshirig‘ini bajarish uchun kerak bo‘lsa, o‘qituvchi topshiriqni oldindan belgilashi, telefondan qanday foydalanish va qancha vaqt foydalanish mumkinligini tushuntirishi kerak. O‘quvchi telefonni faqat o‘qituvchining ko‘rsatmasi bilan ishlatishni boshlaydi va uning ko‘rsatmasi bilan to‘xtatadi.
O‘quvchi esa telefondan faqat berilgan topshiriqni bajarish uchun foydalanishi, o‘qituvchi belgilagan tartib va vaqtga rioya qilishi hamda topshiriqni mustaqil bajarishi kerak. Topshiriq bajarilgach yoki o‘qituvchi ko‘rsatma bergach, telefondan foydalanishni to‘xtatishi lozim.
O‘quv topshirig‘ini bajarish jarayonida foto, audio yoki video yozib olish ham faqat o‘qituvchining ko‘rsatmasi bilan mumkin. Bunda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shaxsiy hayot daxlsizligi va insonning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqi haqidagi qonun talablariga rioya qilinishi kerak.
Maktab tashkiliy masalalarni o‘zining ichki tartib-qoidalari asosida mustaqil belgilaydi. Ushbu qoidalarga ota-onalar yoki qonuniy vakillar bilan o‘quvchi o‘rtasida dars vaqtida shoshilinch ma’lumot almashish tartibi ham kiritilishi kerak. Buning uchun maktabning bog‘lanish mumkin bo‘lgan telefon raqami ham ko‘rsatiladi.
Maktab ma’muriyati ota-onalar va o‘quvchilarni yangi talablar, ichki tartib-qoidalar hamda shoshilinch holatlarda foydalaniladigan maktab telefon raqami haqida xabardor qilishi shart.
Yangi qoidalar 2026-yil 9-oktabrdan kuchga kiradi.
Avvalroq Spot Nyu-York 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga SIdan foydalanishni bir yilga taqiqlagani haqida yozgandi.