Nyu-York shahri meriyasi shahar davlat maktablarida bog‘chadan 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun generativ sun’iy intellektdan foydalanishga bir yillik moratoriy joriy etilishini ma’lum qildi.

Mer Zoxran Mamdani buni “mamlakatdagi eng keng ko‘lamli taqiq” deb atadi. Cheklovlar qariyb 600 ming nafar o‘quvchi, ya’ni shahar maktablaridagi barcha o‘quvchilarning uchdan ikki qismiga taalluqli bo‘ladi.

Moratoriy o‘quvchilar bevosita foydalana oladigan generativ SI funksiyalariga ega barcha dasturlarni qamrab oladi. SI-chatbot hamrohlaridan foydalanish barcha sinflarda, jumladan yuqori sinflarda ham taqiqlanadi.

Bundan tashqari, ekran oldida o‘tkaziladigan vaqt ham cheklanadi. 3−5-sinf o‘quvchilari qurilmalardan kuniga 30 daqiqadan, 6−8-sinf o‘quvchilari esa 45 daqiqadan ko‘p foydalana olmaydi.

O‘qituvchilarga esa taqiq tatbiq etilmaydi — ular SIdan darslarni rejalashtirish va ma’muriy vazifalarni bajarishda foydalanishi mumkin.

Mamdani o‘z pozitsiyasini bolalarni maktabda savol berish, taxminlarni shubha ostiga qo‘yish va dastlabki shartlarni tahlil qilishga o‘rgatish zarurligi bilan izohladi.

Yuqori sinf o‘quvchilari uchun esa boshqa yondashuv belgilangan. Ular yiliga ikki marta SI sohasida tanqidiy fikrlash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi.

Ayrim sinflarda esa SI platformalaridan cheklangan va nazorat ostidagi foydalanish bo‘yicha pilot dasturlar ishga tushiriladi.

Tashabbus turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi. “Birlashgan o‘qituvchilar federatsiyasi” prezidenti Maykl Malgryu siyosat o‘quvchilarni nomaqbul kontentdan himoya qilish borasida ko‘plab savollarni ochiq qoldirayotganini aytdi. Fairplay huquqni himoya qiluvchi tashkiloti direktori Josh Golin esa bir yil natijalarni baholash uchun yetarli emasligini ta’kidladi.

AQSHdagi eng yirik maktab okrugi bo‘lgan Nyu-York SIdan foydalanishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlagan kam sonli hududlardan biriga aylandi.

Ayni paytda kamida 37 shtat ta’limda SIdan foydalanish bo‘yicha rasmiy tavsiyalar ishlab chiqqan. Biroq mamlakatda maktablarda SI savodxonligi nimani anglatishini belgilovchi yagona federal standart hali mavjud emas.


Avvalroq Spot BAAda 7-sinfgacha o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlangani haqida yozgandi.