Rossiya MDH davlatlariga 1 mln rubldan ($11,84 ming) ortiq naqd pul olib chiqishni taqiqladi.
Vladimir Putin mamlakatdan naqd Rossiya valyutasini olib chiqish tartibiga o‘zgartirish kirituvchi farmonni imzoladi.
Cheklov Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zolari — Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Armaniston, shuningdek, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekistonga nisbatan amal qiladi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qancha miqdorda bo‘lishidan qat’i nazar, naqd rubl olib chiqish taqiqlanadi.
Jismoniy shaxslar uchun ayrim istisnolar mavjud. Jumladan, 1 mln rubldan ortiq mablag‘ni Rossiyaning ayrim xalqaro aeroportlari orqali, pulning to‘liq bank hisobvarag‘i yoki omonatdan yechib olinganini tasdiqlovchi bank ma’lumotnomalari yoki hukumat belgilaydigan boshqa hujjatlar mavjud bo‘lganda olib chiqish mumkin.
Yuridik shaxslar uchun xalqaro tashuvlar, jo‘natish va borish manzili Rossiyadan tashqarida bo‘lishi hamda valyutaning Rossiyaga olib kirilgani tasdiqlanishi sharti bilan istisno nazarda tutilgan.
Shuningdek, Rossiyaning diplomatik va konsullik muassasalari faoliyatini ta’minlash uchun Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasi asosida naqd pul olib chiqishga ruxsat beriladi.
Taqiq buzilgan taqdirda, jismoniy shaxslardan 1 mln rubldan ortiq qismi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan esa olib chiqilayotgan barcha naqd valyuta musodara qilinadi.
Rossiya hukumati Markaziy bank bilan birgalikda uch oy ichida farmonga muvofiq olib chiqilayotgan naqd rubllarni hisobga olish tartibini tasdiqlashi kerak.
Yangi qoidalar ijrosi uchun Ichki ishlar vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati va Federal bojxona xizmati mas’ul etib belgilangan.
Avvalroq Spot Toshkent fond birjasi $30 mln lik valyuta obligatsiyalari savdosini boshlagani haqida yozgandi.