2026-yilning yanvar-avgust oylarida quyosh panellarini o‘rnatgan o‘zbekistonliklar yagona energiya tizimiga uzatilgan elektr energiyasi uchun 542 mlrd so‘mdan ($45,8 mln) ortiq subsidiya oldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi yarim yillikda to‘lovlar 330,82 mlrd so‘mni, iyul va avgust oylarida esa yana 211 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Iyul oyida subsidiyalarning umumiy hajmi qariyb 105,9 mlrd so‘mga, avgust oyida esa 105,4 mlrd so‘mga yetdi.
Avgust oyida 61 548 nafar jismoniy shaxs tarmoqqa 105,4 mln kVt/soat elektr energiyasi uzatgani uchun subsidiya oldi. To‘lovlarning eng katta hajmi Buxoro viloyatiga — 18,9 mlrd so‘m, Xorazm viloyatiga — 18,3 mlrd so‘m va Qoraqalpog‘istonga — 12,4 mlrd so‘m to‘g‘ri keldi.
Iyul oyi boshida Soliq qo‘mitasi bir necha oylik kechikishdan so‘ng aprel-may oylari uchun subsidiya to‘lovlarini tasdiqlaganini ma‘lum qildi. O‘shanda 60,2 ming kishi tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun 156,1 mlrd so‘m olishi kerak edi.
“Quyoshli xonadon” dasturi 2023-yil 1-apreldan buyon amal qilmoqda. Quvvati 50 kVt gacha bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari egalari o‘z iste‘molidan ortgan va yagona energiya tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun davlat budjetidan 1000 so‘mdan oladi.
Subsidiyani Soliq mobil ilovasining “Quyoshli uy” bo‘limi orqali mablag‘larni bank kartasiga o‘tkazishni rasmiylashtirgan holda olish mumkin.