2026-yilning birinchi yarmida quyosh panellarini o‘rnatib, ortiqcha elektr energiyasini yagona energiya tizimiga uzatgan jismoniy shaxslarga 330 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘landi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, yanvar-iyun oylarida Quyoshli xonadon dasturi doirasida 68,6 ming nafar jismoniy shaxsga davlat budjetidan jami 330 mlrd 822 mln so‘m subsidiya ajratildi.
Qo‘mitaga ko‘ra, birgina iyun oyining o‘zida 61,1 ming nafar fuqaroga 100,7 mlrd so‘m subsidiya to‘langan. Bu yil boshidan beri ajratilgan jami subsidiyalarning qariyb uchdan biriga teng.
Birinchi yarim yillikda eng ko‘p subsidiya Buxoro viloyatiga — 61,9 mlrd so‘m ajratildi. Keyingi o‘rinlarda Xorazm (60,5 mlrd so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (38,9 mlrd so‘m) va Qashqadaryo viloyati (37,3 mlrd so‘m) qayd etildi.
Birgina iyun oyida esa eng ko‘p subsidiya Buxoro (18,2 mlrd so‘m), Xorazm (18 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘istonga (12,2 mlrd so‘m) to‘g‘ri keldi.

Subsidiya mablag‘larini Soliq ilovasidagi Keshbek va imtiyozlar xizmatining Quyoshli xonadon bo‘limidagi Kartaga pul o‘tkazish oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
Maʼlumot uchun, 2023-yil 1-apreldan boshlab dastur doirasida xonadoniga quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy shaxslarga yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan.
Avvalroq Spot banklar taqdim qilayotgan quyosh panellari uchun kreditlar haqida yozgandi.
Mazkur kreditni 15 ta bank orqali 3 yildan 5 yilgacha muddatga olish mumkin bo‘lib, uning yillik foiz stavkasi 20%ni tashkil etadi.