Muhim eslatma: Kredit stavkalari va shartlari banklarning rasmiy ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin.
O‘zbekistonda elektr energiyasi tariflari oshgani ortidan quyosh panellariga talab sezilarli darajada ortdi. Biroq xonadon uchun o‘rtacha 5 kVt quvvatli quyosh elektr stansiyasini o‘rnatish hozirda 45−50 mln so‘m atrofida mablag‘ talab qiladi.
Bunday xarajatni bir yo‘la qoplash imkoniga ega bo‘lmaganlar uchun banklarning “yashil” kreditlari asosiy moliyaviy yechimlardan biriga aylanmoqda. Spot bozordagi mavjud takliflarni o‘rgandi: ayni paytda respublikadagi 34 ta bankning 15 tasi aholi uchun quyosh panellari xaridi bo‘yicha kredit dasturlarini taklif etmoqda.
Kredit olish uchun qanday hujjatlar talab etiladi?
Banklarning “yashil” iste’mol kreditlari nafaqat quyosh panellari, balki geliokollektorlar hamda energiya tejamkor isitish uskunalarini xarid qilish uchun ham ajratiladi.
Kredit rasmiylashtirish uchun odatda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- pasport yoki ID-karta;
- oxirgi 6 oy uchun daromadni tasdiqlovchi hujjat;
- panel yetkazib beruvchi va montaj qiluvchi kompaniya bilan tuzilgan shartnoma;
- kredit summasiga qarab sug‘urta, kafillik yoki garov ta’minoti.
Banklar qanday shartlarni taklif qilmoqda?
Bozordagi kreditlarning asosiy qismi yillik 20% stavkada berilmoqda. Biroq maksimal summa va kredit muddati bo‘yicha banklar takliflari o‘rtasida sezilarli farq mavjud.
Eng yirik limitni hozircha Mikrokreditbank, O‘zsanoatqurilishbank va Biznesni rivojlantirish banki taklif qilmoqda. Biroq oxirgi ikki bank kreditni 3 yilgacha bersa, Mikrokreditbank 5 yilgacha muddat taklif qiladi.
Shu bilan birga, bozordagi eng yuqori stavkalar Kapitalbank (24%) va O‘zmilliybankda (22%) qayd etildi.
Quyida banklar takliflari maksimal kredit miqdori bo‘yicha tartiblandi:
| Bank nomi | Miqdori | Foiz stavkasi | Muddati |
| Mikrokreditbank | 206 mln so‘mgacha | 20% | 5 yilgacha |
| O‘zsanoatqurilishbank | 200 mln so‘mgacha | 3 yilgacha | |
| Biznesni rivojlantirish banki | 200 mln so‘mgacha | 3 yilgacha | |
| Agrobank | 100 mln so‘mgacha | 3 yilgacha | |
| Orient Finans Bank | 100 mln so‘mgacha | 5 yilgacha | |
| Xalq banki | 100 mln so‘mgacha | 5 yilgacha | |
| Asia Alliance Bank | 90,6 mln so‘mgacha | 3 yilgacha | |
| Asakabank | 82,4 mln so‘mgacha | 5 yilgacha | |
| Aloqabank | 82,4 mln so‘mgacha | 3 yilgacha | |
| Hamkorbank | 82,4 mln so‘mgacha | 3 yilgacha | |
| Trastbank | 82,4 mln so‘mgacha | 5 yilgacha | |
| Ipak yuli bank | 80 mln so‘mgacha | 5 yilgacha | |
| O‘zmilliybank | 70 mln so‘mgacha | 22% | 5 yilgacha |
| Infin Bank | 60 mln so‘mgacha | 20% | 5 yilgacha |
| Kapitalbank | 50 mln so‘mgacha | 24% | 5 yilgacha |
Quyosh panellarini qanday o‘rnatish va davlatga elektr energiyasini sotish mumkin?
Avvalroq Spot radiomuhandis Abdurahmon Yo‘ldoshev uy tomiga umumiy quvvati 11 kVt bo‘lgan 20 ta quyosh paneli o‘rnatgani haqida yozgandi. U ishlab chiqarilgan energiyaning bir qismini maishiy ehtiyojlar uchun sarflab, ortiqchasini esa davlatga sotmoqda. Natijada, stansiya bir yil davomida unga salkam 14 mln so‘m daromad keltirgan.
Abdurahmon Yo‘ldoshev suhbat davomida energiyaga bo‘lgan ehtiyojni qanday hisoblagani, asbob-uskunalarni qay tarzda tanlab olib o‘rnatgani, tizim qancha mablag‘ talab qilgani hamda ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa qanday qayta sotayotgani haqida batafsil so‘zlab berdi.