Quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolar joriy yilning aprel-may oylari uchun ajratilgan subsidiya mablag‘larini olishi mumkin. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, aprel-may oylarida Quyoshli xonadon dasturi doirasida 60 193 nafar jismoniy shaxsga davlat budjetidan jami 156,1 mlrd so‘m subsidiya ajratildi.
Ushbu mablag‘ fuqarolar tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan 156,1 mln kVt/soat elektr energiyasi uchun to‘lanadi.
Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm viloyati (29,1 mlrd so‘m), Buxoro viloyati (27,1 mlrd so‘m) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (19,1 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelgan.
Subsidiya mablag‘larini Soliq ilovasidagi Keshbek va imtiyozlar xizmatining Quyoshli xonadon bo‘limidagi Kartaga pul o‘tkazish oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
Maʼlumot uchun, 2023-yil 1-apreldan boshlab dastur doirasida xonadoniga quyosh panellari o‘rnatgan jismoniy shaxslarga yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan.
Yanvar-mart oylarida 45,2 ming nafar o‘zbekistonlik xonadonlaridagi quyosh fotoelektr panellarida ishlab chiqarilgan energiyani elektr tarmoqlariga yetkazib bergani uchun jami 74 mlrd so‘m subsidiya olgandi.
Iyun oyida Kun.uz nashri quyosh panellari egalariga subsidiya to‘lash kechikayotgani haqida xabar bergandi. Tahririyat subsidiyalar to‘lanmayotgani haqida bir nechta murojaatni qabul qilgan.
“Men Farg‘onadanman, subsidiya 25 maydan buyon to‘lab berilmayapti. Bu savol hozirgi kunda butun respublikada dolzarb. Nima uchun to‘lovlar kechikayotgani shaxsan o‘zim uchun ham qiziq”, — deyilgan murojaatlardan birida.
Spot, avvalroq, Farg‘onada 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS sxemasi aniqlangani haqida yozgandi.